Surxondaryoda fuqarolar va IIB xodimlari oʻrtasida kelib chiqqan janjal yuzasidan bayonot

19:46 15 Fevral 2020 Jamiyat
3497 0

Fotо: iiv.uz

Sal avval ijtimoiy tarmoq va saytlarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida aholi va IIb xodimlari oʻrtasidagi ziddiyatli holat aks etgan xabar va videolar tarqaldi. Ushbu holat yuzasida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati rasmiy izoh berdi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmatining maʼlumot berishicha, joriy yilning 14-fevralda viloyatning Oltinsoy tumanining “Halqabod” mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan yer maydoniga mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy uy-joy qurib olinganligi holatiga aniqlik kiritish hamda ushbu yerlarni fermer xoʻjaligiga qaytarish maqsadida, tuman hokimiyatining qurilish masalalari boʻyicha vakili, tuman prokurori, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, Surxondaryo viloyati yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Oltinsoy filiali masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Oltinsoy tuman hokimining 2019-yil 6-dekabr kunidagi farmoyishi ijrosini taʼminlash uchun manzilga chiqib, mahalliy fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtlarida, ayrim fuqarolar qoʻllariga turli buyumlar (tayoq, bolta, toshlar, bel kurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida oʻrtada janjal kelib chiqqan.

Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun 16:00larda voqea joyiga yetib borgan tuman IIB xodimlari, mahalliy aholi tomonidan jamoat tartibini buzishni toʻxtatib, uylariga tarqashni talab qilganlarida, mahalliy fuqarolardan I.Muxammadiyev, D.Muxammadiyev, F.Nurov, A.Toshov, S.Muxammadiyev va A.Safarovlar ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik koʻrsatib, qoʻllaridagi buyumlar bilan tajovuz qilganlar.

Koʻrilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan.

Huquqbuzarlarning tajovuzlari natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga “Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona oʻng qosh usti, oʻng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jarohatlari, oʻng koʻz qovogʻi yumshoq toʻqimalarning ezilishi va gematomasi, burnining oʻng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jarohat”, shuningdek, profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “Chap yelka oʻmrov akramiyal boʻgʻimi sohasi yumshoq toʻqimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shu oʻrinda fuqarolarimizdan har qanday vaziyatda jamoat tartibini buzishlariga yoʻl qoʻymaslikni, nizoli vaziyatlarni qonuniy tartibda hal etishlariga chaqirib qolamiz.

Mamlakatimizda qonun ustuvorligi taʼminlanadi hamda aybdorlar qilmishidan qatʼi nazar javobgarlikka tortiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?