Surxondaryo: Janub dunyoga yuz tutmoqda

09:25 05 Iyun 2018 Iqtisodiyot
234 0

Termiz shahrida viloyatning investitsiya, eksport va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan “Ochiq Janub” deb nomlangan xalqaro biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Indoneziya, Hindiston, Kuvayt, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston kabi yigirmaga yaqin davlatlardan 160 nafardan ortiq ishbilarmon doira vakillari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari hamda chet el -vakolatxonalari xodimlari qatnashdi.

Ushbu xalqaro anjuman “Ochiq Janub” deya nomlanishi bejiz emas. Chunonchi, Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan Surxon zamini bugun yana dunyoga yuz ochmoqda. Zero, yurtimizning Janubdagi oltin darvozasi — Surxondaryo o‘zining yer osti va yer usti boyliklari, qulay iqlimi, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, qolaversa, zamonaviy transport-logistika imkoniyatlari bilan investitsion hamda jozibador turizm hududi hisoblanadi.

Rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida Boysun tumanida “Mustaqillikning 25 yilligi” konida loyiha qiymati 5 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Sariosiyo tumanidagi “Sharg‘un ko‘mir” konini modernizatsiya qilish evaziga yiliga 900 ming tonna, Boysundagi “To‘da” ko‘mir konida esa yiliga 450 ming tonna ko‘mir ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Viloyatda 5 million tonna sement tayyorlash quvvatiga ega 4 ta zavod ishga tushirilish arafasida.

Chunonchi, Surxondaryoda boshqa viloyatlarga qaraganda, meva-sabzavotlar qariyb 20 kun erta pishib yetiladi. Bu esa ularni nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham sotishda qulaylik yaratadi. Shu hamda boshqa omillar inobatga olinib, agrar sohada bir qator yangi loyihalar hayotga tatbiq etilayotir.

— Mazkur forum menda katta taassurot uyg‘otdi, — deydi hindistonlik tadbirkor Sanjay Gullah. — O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati har qanday sarmoyador uchun juda ishonchli. Kompaniyamiz ho‘l va quruq mevalar biznesi bilan 30 yildan buyon shug‘ullanib keladi. Bu yo‘nalishda o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan katta manfaatdor ekanimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki serquyosh zaminda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar doimo mazali hamda xaridorgir bo‘ladi. Shuni inobatga olib, Surxondaryoda biznes-rejamizning istiqbolini aniq tasavvur etyapmiz. Ko‘zda tutilgan loyihamiz amalga oshsa, 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Ayni paytda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda viloyatda 71 qo‘shma korxona samarali faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, tashqi bozorga chiqayotgan korxonalar soni ham tobora ortib borayotir.

— Asosan, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatamiz, — deydi “Akido” kompaniyasi vakili Pol Shubel. — Biz bu yerda parrandachilik, chorvachilik korxonalari bilan hamkorlik qilish niyatidamiz. Bundan tashqari, O‘zbekistonning an’anaviy uzumchilik bazasida vino zavodlarini barpo etishni rejalashtiryapmiz.

Xalqaro tadbirkorlar anjumanida Hindiston, Bangladesh, Indoneziya, Slovakiya, Ukraina, Kuvayt hamda Afg‘onistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari bilan Surxondaryo viloyati hokimi Erkin Turdimovning uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Muloqotlar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning istiqbollari belgilab olindi.

Ikki kun davom etgan tadbir yakunida ishtirokchilar Hakim Termiziy, Imom Termiziy yodgorlik majmualarini ziyorat qilib, vohadagi ko‘plab turistik inshootlar hamda bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Ilhom RAHMATOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?