Surxondaryo viloyatida umumxalq ekologik xayriya hashari uyushqoqlik asosida davom etmoqda (Fotoreportaj)

16:35 26 Yanvar 2019 Jamiyat
535 0

Muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Hashar hamisha xalqimizni ezgu maqsad atrofida birlashtirib, uning yordamida koʻlami va ahamiyati ulkan bunyodkorlik hamda yaratuvchanlik ishlari oʻzaro hamjihatlikda ado etilgan. Umumxalq ekologik xayriya hasharida xalqimizning ushbu qadriyatlari yana bir bor oʻz ifodasini topdi. Birgina Surxondaryoda 1 million 200 ming nafardan ortiq hamyurtlarimiz hasharda faol ishtirok etmoqda.

Hashar davomida viloyatdagi korxona, muassasa va tashkilotlar, shuningdek, har bir xonadon, mahalla hududi, koʻcha va xiyobonlar tozalanib, obodonlashtirildi. Hududlarda yigʻilib qolgan qurilish hamda maishiy chiqindilar olib chiqildi. Mevali va manzarali daraxt hamda gul koʻchatlari ekildi. Mavjud daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Qurilish ishlari olib borilayotgan inshootlarda qoʻshimcha hasharchilar jalb etildi. Al-Hakim At-Termiziy va Imom Termiziy yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjo hamda qabristonlar obod etildi.

— Al-Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi viloyatimizdagi eng tabarruk joylardan biri. Shu bois bu yerga har kuni koʻp sonli mahalliy va xorijiy ziyoratchilar tashrif buyurishadi, — deydi yodgorlik majmuasi rahbari Abduraim Choriyev. — Yodgorlik majmuasini doimiy goʻzal hamda koʻrkam saqlash maqsadida kuz-qish mavsumida 60 ming tup, bahor-yoz mavsumida 80 ming tupdan ziyod gul koʻchatlari ekib, parvarish qilamiz. Shuningdek, majmua hududidagi 4 mingdan ortiq daraxtlar toza ekologik muhitni yaratib berayotir. Bugungi umumxalq hashari munosabati bilan biz bahorgi mavsum ishlarini boshlab yubordik.

Hashar munosabati bilan viloyatdagi Mehribonlik va Muruvvat uylari, maxsus maktab internatlari tarbiyalanuvchilari hamda boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ayrim ehtiyojmand xonadonlarda taʼmirlash ishlari bajarildi. Shu bilan birga, aholining ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, kishilarda ona tabiat hamda uning neʼmatlariga mehr-muhabbat hissini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati keng targʻib qilindi.

Viloyatda umumxalq hashari davom etmoqda.

 

 

 

 

 

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?