Surxondaryo viloyati hokimligida harbiy-maʼmuriy sektorning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

14:17 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
161 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 17-18 oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan edilar.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari Denov tumanidagi harbiy qismda ham boʻlib, yurt himoyachilari bilan suhbatlashib, shart-sharoitlar bilan tanishgan edi.

– Harbiylar xalqimizning maʼnaviy yetuk farzandlari boʻlishi kerak. Buning uchun shaxsiy tarkibning maʼnaviy yetukligini, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish lozim. Siz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz vorislari ekanligingizni doim his qilib, shunga munosib xizmat qilsangiz, yoshlarimiz vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuygʻularini sizlardan oʻrganadi, – deya taʼkidlagan edi Shavkat Mirziyoyev harbiylar bilan muloqot chogʻida.

Mazkur tashrif chogʻida davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilgan qator vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimligida viloyat harbiy-maʼmuriy sektorining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi T.Bobolov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari – Janubiy operativ yoʻnalish boshqaruv guruhi boshligʻi polkovnik Q.Tursunov, muassasa va tashkilotlar rahbarlari hamda bir guruh aloqador masʼul harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida harbiy xizmatchilarning maʼnaviyatini yanada yuksaltirish, jangovar tayyorgarlikni oshirish uchun yetarli sharoitlarni yaratish hamda ularga chavandozlik mahoratining sir-sanoatlarini oʻrgatish, baxshichilik sanʼati va Alpomish dostoni hamda Termiziylar tomonidan yozilgan hadislarni yetkazish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda tegishli qarorlar qabul qilinib, masʼul mutasaddi mansabdor shaxslarga vazifalar belgilab berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?