Surxondaryo viloyati hokimligi deputatlikka nomzodlar bilan maxfiy suhbat oʻtkazilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

09:05 19 Avgust 2019 Jamiyat
265 0

Illyustrativ foto

Surxondaryo viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda deputatlikka, mahalliy kengashlarga raislikka nomzodlar bilan maxfiy tarzda suhbat oʻtkazilgani haqida tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

“Maʼlumki, Prezidentning 2018-yil 4-oktyabrda qabul qilingan “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan milliy saylov tizimiga ilgari qonunchiligimizda mavjud boʻlmagan mutlaqo yangi tartib va qoidalar kiritildi. Oldimizda turgan saylovlar nafaqat qonunchilik nuqtayi nazaridan, balki texnik-texnologik jihatdan ham mutlaqo yangicha formatda boʻlib oʻtadi.

Bu esa, boʻlajak saylovlarga tayyorgarlik ishlari doirasida Saylov komissiyasi aʼzolarini tizimli oʻqitish tartibini joriy qilish hamda saylov jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini, saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirishni taqozo etadi.

Shu maqsadda 2019-yilning 23-iyulida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasining “Saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha tizimli oʻqitish yuzasidan chora-tadbirlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, hududlarda Saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning oʻqishini tashkil etish belgilandi.

Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazishda esa xalq orasida obroʻ-eʼtiborga ega kishilarni jalb qilish muhim oʻrin tutadi.

Xabarda aytilgan suhbat ham boʻlgʻusi deputatlikka, mahalliy kengashlarga raislikka nomzodlar bilan emas, balki turli sohalarda namunali faoliyat koʻrsatib kelayotgan viloyat faollari bilan oʻtkazilgan.

Suhbat davomida viloyatda Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etish, aholiga Harakatlar strategiyasi, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyatini yetkazish yuzasidan fikr almashilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?