Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov oʻzi tahsil olgan maktabda “Mustaqillik darsi”ni oʻtdi

14:35 04 Sentyabr 2019 Jamiyat
423 0

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov oʻzi tahsil olgan maktabda “Mustaqillik darsi”ni oʻtdi, deb xabar qildi hokimlik matbuot xizmati.

Angor tumanidagi 18- umumtalim maktabida yangi oʻquv yili oldidan uyushtirilgan tadbirga Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etib, bilimga chanqoq oʻquvchilar, ustozlar, mahalla faollari va ota-onalarni mustaqilligimizning 28 yillik bayrami hamda boshlanayotgan yangi oʻquv yili bila tabrikladi.

Tabirda viloyat hokimi shu yilning 23-avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishining mazmun-mohiyati, xususan, taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar samaralari, yosh avlodga puxta va mukammal taʼlim berish, ularni milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdek ezgu saʼy-harakatlarning ahamiyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir davomida mazkur maktabning 1-sinfiga oʻqishga qabul qilingan 103 nafar oʻquvchining har biriga 12 turdagi oʻquv qurollaridan iborat Prezident sovgʻasi tantanali tarzda topshirildi.

Shundan soʻng, birinchi qoʻngʻiroq chalinib, mustaqillik darsi mashgʻulotlari boshlandi. Maktabning 9-sinfida boshlangan ilk darsda viloyat hokimi T. Bobolov kelajak sari intilayotgan bu yoshlarga Vatanni sevish, uning tinchligini asrab-avaylash, taraqqiyotiga hissa qoʻshish har bir farzandning burchiga aylanishi, asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yoʻlida oʻquvchilar kuchli bilimga ega boʻlishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligini alohida taʼkidladi.

Viloyatda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlar, erishilgan yutuq va marralar haqida hayotiy misollar asosida soʻzlab berildi.

Oʻquvchi-yoshlar nafaqat qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldi, balki viloyat hokimiga oʻz savollari bilan murojaat etishdi.

Maʼlumot oʻrnida. Surxondaryo viloyatidagi 911 ta umumtaʼlim maktablarida 497 ming 935 nafar oʻquvchiga 39 ming 651 nafar pedagog taʼlim-tarbiya bermoqda. Imkoniyati cheklangan 1419 ming nafar bola oʻz uyida yakka tartibda taʼlim oladi. Joriy yilning 4-sentyabr kuni 52 ming 932 nafar oʻgʻil-qiz ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻydi. Anʼanaga koʻra, ularga yangi oʻquv yili munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus sovgʻalari – oʻquv-qurollari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?