Surxondaryo viloyati hokimi ota-onalarga murojaat bilan chiqdi

19:36 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
251 0

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov mahalliy televideniye orqali ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

“Aziz ota-onalar!

Avvalambor, sizlarni aziz farzandingiz oʻrta taʼlim maskanini bitirib, yorugʻ orzu-umidlar bilan katta hayot ostonasiga qadam qoʻyayotgani bilan chin dildan tabriklayman.

Bugun yurtimizda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi va topshiriqlari bilan yoshlarimizni chuqur bilim va malakaga ega boʻlgan, yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalashga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sizning jondan aziz oʻgʻil-qizlaringiz ham oʻzining ezgu orzu-maqsadlariga erishib, jamiyatda munosib oʻrin topishiga ishonchimiz komil, albatta. Bu yoʻlda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.

Agar farzandingiz oliy oʻquv yurtida taʼlim olishni maqsad qilib, talabalik baxtiga muyassar boʻlsa, uning yuqori malakali mutaxassis boʻlib yetishi uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan.

Oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirmagan yoki test sinovlarida yetarli ball toʻplay olmagan yoshlarimizni ish bilan taʼminlash kafolatini shaxsan men hudud rahbari sifatida oʻz zimmamga olaman. Shu maqsadda maxsus “Yoshlar daftari” asosida har bir yoshning mehnat faoliyatini nazoratimga olaman.

Shu bilan birga, farzandlarimizning xohish va istaklariga qarab, ularning professional taʼlim muassasalarida talab yuqori boʻlgan kasb va mutaxassisliklarga ega boʻlishlari uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Agar farzandingiz xorijiy mamlakatlarda ishlash niyatida boʻlsa, davlatimiz tomonidan Mudofaa vazirligi tizimida yoʻlga qoʻyilayotgan yangi tartibga koʻra, ular uchun qisqa muddatlarda zamonaviy kasb-hunar egallash va xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyati yaratiladi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – fuqarolarimizni chet davlatlardagi kompaniyalarga maxsus tayyorlovdan oʻtgan va markazlashgan holda ishga yuborish, ularning oʻz mehnatiga yarasha munosib haq olishi hamda haq-huquqlarini taʼminlashdan iboratdir.

Xorijda halol mehnat qilib, daromad orttirgan yosh mutaxassislarimiz va ularning oilalariga yurtimizda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida zamonaviy uy-joylar qurib beriladi.

Hurmatli ota-onalar!

Sizlarni jonajon Oʻzbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshadigan sogʻlom va bilimli farzandni tarbiyalab kamolga yetkazganingiz bilan tabriklab, oʻgʻil-qizlarimizning jamiyatda mustahkam oʻrin egallashi uchun mahalliy ijro organi rahbari sifatida men ham masʼul va javobgar ekanimni yana bir bor taʼkidlayman.

Sizlarni ishontirib aytamanki, yoshlarimizning bilim olishi, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, ishga joylashtirish va uy-joy bilan taʼminlash hamda oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyishi borasida birgalikda harakat qilib, bamaslahat ish olib boramiz.

Shu tariqa kelajagimiz egalari boʻlgan yoshlarimizni, ularning hurmatli ota-onalarini rozi qilgan boʻlamiz.

Ana shu ezgu maqsad yoʻlida barchangizni hamkorlikka chaqiraman”, deyiladi viloyat hokimining murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?