Surxondaryo viloyati delegatsiyasi xitoylik ishbilarmonlar bilan 257 mln dollarlik shartnoma imzoladi

13:04 06 Avgust 2018 Iqtisodiyot
303 0
Foto: Ilhom Rahmatov / "Xalq so'zi"

Joriy yilning 31 iyul - 3 avgust kunlari Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov boshchiligidagi delegatsiya xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlarni izlab topish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Ilhom Rahmatov xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, delegatsiya dastlab Sichuan provinsiyasi va Chendu shahar meriyasi rahbariyati bilan muloqotda bo‘lishdi. Uchrashuv chog‘ida Surxondaryo viloyati hamda Sichuan provinsiyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Sichuan provinsiyasi ishbilarmon doiralarining 140 dan ziyod vakillari ishtirokidagi savdo-iqtisodiy forumda mamlakatimizda yaratilgan qulay tadbirkorlik va investitsion muhit, xorijiy ishbilarmonlar uchun qo‘llanilayotgan qator imtiyozlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari, erkin iqtisodiy zonalar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari oziq- ovqat va boshqa tur mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Chengdu Yinlu Food Co. LTD” kompaniyasi, shuningdek, Sichuan provinsiyadagi boshqa bir necha ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy safari davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida yirik sanoat korxonalari bilan umumiy qiymati 257 million dollarlik shartnomalarni imzoladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?