Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Afgʻonistonda boʻlib qaytdi

14:52 13 Dekabr 2018 Siyosat
292 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Poʻlatov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston Islom Respublikasi Balx viloyati voliysi taklifiga koʻra qoʻshni davlatga tashrif buyurdi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Mehmonlar Hayraton shahrida keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi. Dastlab, ikki davlat savdo-iqtisodiy aloqalarida muhim oʻrin tutadigan quruqlikdagi 2- va 3- sonli portlar, “Hayraton” daryo porti va temir yoʻl bekati faoliyati koʻzdan kechirildi. Shundan soʻng, Hayraton shahridagi “Astras” mehmonxonasida ikki qoʻshni viloyat rahbarlari va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Oʻzaro muloqotda qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari muntazamlik kasb etib, oʻzaro doʻstlik, qardoshlik va iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada rivoj topayotir. Eng muhimi, Afgʻon zaminida tinchlik, barqarorlikni taʼminlashda Oʻzbekiston eng yaqin koʻmakchi sifatida oʻzini toʻla namoyon etmoqda. 

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Balx viloyati voliysi Muhammad Isʼhoq Rahguzar Termizda afgʻonistonlik talabalarni oʻqitish taʼlim markazi faoliyat olib borayotgani, ixtisoslashgan shifoxonada esa qoʻshni davlat fuqarolariga tibbiy xizmat koʻrsatish uchun qulay sharoitlar yaratilgani, Surxondaryo viloyati maʼmuriy markazida Afgʻoniston konsullik idorasi ish boshlagani, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Afgʻoniston Oliy taʼlim vazirligiga 25 ta avtobus taqdim etilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida afgʻonistonlik investorlar ishtirokida 90 dan ortiq qoʻshma korxona samarali faoliyat olib boryapti. Joriy yilda Surxondaryodan qoʻshni davlatga 33,5 million dollarlik 37,7 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Termiz kargo” eksport markazi faoliyati Oʻzbekiston va Afgʻoniston ishbilarmonlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynamoqda. Yangi barpo etilayotgan Termiz iqtisodiy zonasi bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

Muloqot chogʻida oʻzaro savdo-iqtisodiy, transport, taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?