Surxondaryo viloyati davlat arxivi yangi binoda ish boshladi

14:56 06 Noyabr 2019 Jamiyat
146 0

Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil topganining 100-yillik bayrami munosabati bilan Surxondaryo viloyati davlat arxivining yetti qavatli yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Termiz shahri markazida qad rostlagan binoda zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. HoziR bu yerda 500 ming saqlov birligi mavjud boʻlib, kelgusida inshoot qoʻshimcha mobil javonlar bilan jihozlanib, arxiv sigʻimi yana ikki baravar oshiriladi. Bino harorat namligini meʼyorida saqlash, qoʻriqlash, yongʻinni bartaraf etish boʻyicha zamonaviy moslamalar bilan jihozlangan.

Surxondaryo viloyati davlat arxivi taqdimotida viloyat hokimi Toʻra Bobolov, “Oʻzarxiv“ agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, ushbu tadbirda “Oʻzarxiv“ agentligi masʼul xodimlari, Turkiya, Vengriya, Hindiston, Isroil kabi oʻnga yaqin chet davlatning olim va mutaxassislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar davlat arxivlari rahbarlari, tizim faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning 10-11-fevral kunlari viloyatga tashrifi chogʻida Surxondaryo viloyati davlat arxivi uchun zamonaviy bino qurish boʻyicha topshiriq berilgandi. Shunga muvofiq, oʻtgan davrda barcha zamonaviy qulayliklarga ega, Oʻzbekistonda yagona 7 qavatli yangi bino qad rostladi.

Ayni paytda mamlakatimizda arxiv tizimi yangi bosqichda rivojlanib, xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligi tubdan yaxshilanayapti. Arxiv inshootlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanayotir. Sohaga innovatsion yangiliklar kiritilmoqda. Viloyatning Sherobod tumani davlat arxivining uch qavatli, Angor va Muzrabot tumanlarining har birida ikki qavatli zamonaviy binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Kelgusi yil Sariosiyo, Boysun va Shoʻrchi tumanlarida xuddi shunday yangi binolar bunyod etiladi.

Ilhom Rahmatov, 
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?