Surxondaryo: sayyor qabullar chogʻida muammolarga yechim topilmoqda

16:07 22 Iyul 2019 Jamiyat
146 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq bilan ochiq-oshkora muloqot qilish tizimi yaratilgani fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va uni samarali nazorat qilishda juda qoʻl kelmoqda.

Shuning pirovardida xalq hayotidan xabardor boʻlish, aholining talab va ehtiyojlarini oʻrganish, aniqlangan muammolarni joyida hal etish, ijtimoiy adolatni qaror toptirishga erishilmoqda. Ayniqsa, chekka-chekka qishloq va mahallalarda ommaviy sayyor qabullar tashkil etilib, har bir murojaat qiluvchi bilan bevosita uchrashib qalbiga quloq tutish natijasida ortiqcha qogʻozbozligu, buyruqbozliklarga chek qoʻyilmoqda. Eng muhimi, turli muammolarga yechim topish barobarida har bir hududdagi mavjud vaziyatni yaqindan oʻrganish, fuqarolar talab va takliflaridan kelib chiqib, yoʻl xaritalarini ishlab chiqish imkoniyati yuzaga kelyapti. Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar Surxondaryo viloyatida ham ijobiy samara bermoqda.

Har haftaning yakshanba kuni viloyat hokimi Toʻra Bobolov rahbarligida oʻtkazilayotgan ana shunday sayyor qabullar jarayonida viloyat, tuman hokimliklari mutasaddilari, sektorlar rahbarlari, turli idora va tashkilotlar masʼullari, Xalq qabulxonasi vakillari bevosita ishtirok etayapti. Navbatdagi sayyor qabul viloyat markazidan 240 kilometr uzoqlikda joylashgan Boysun tumanidagi togʻli Kengdala qishlogʻida oʻtkazildi.

Sayyor qabul chogʻida Qizilnavr mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Kengdala, Yuqori va Quyi Machay kabi qishloqlar aholisining murojaatlari mutasaddilar ishtirokida oʻrganildi.

– Markazdan uzoq, togʻli hududda yashashning oʻziga xos qiyinchiliklari bor, – deydi fuqaro Erkin Xonaliyev. – Chunonchi, qishlogʻimizda koʻp yillardan buyon yigʻilib qolgan ayrim muammolar aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi. Sayyor qabulda ana shular haqida birma-bir bayon qildik. Viloyatimiz hokimi qisqa fursatlarda mavjud kamchilikni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalarni yukladi. Bundan mamnunmiz albatta.

Shu kuni aksariyat fuqarolar murojaati joyida hal etilishi bilan birga avtomobil yoʻllari va elektr energiya tarmogʻini taʼmirlash, umumiy oʻrta taʼlim maktabi uchun qoʻshimcha yana 50 oʻrinli bino hamda vrachlik punkti qurish, maxsus tez tibbiy yordam mashinasi ajratish bilan bogʻliq masalalar ijrosi yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?