Surxondaryoda 237 ming 930 nafar yosh ilk marta ovoz berish huquqidan foydalanadi

12:29 22 Dekabr 2019 Siyosat
186 0

“Yangi Oʻzbekiston, yangi saylovlar” shoiri ostida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtayotgan saylovlar oldidan Surxondaryo viloyati boʻyicha 1 million 532 ming 289 nafar saylovchi roʻyxatga olingan. Viloyatda 409 ta saylov okrugi tuzilgan, 785 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Fuqarolar saylov uchastkalarida oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, munosib, deb topgan nomzodlar uchun ovoz bermoqda.

Surxondaryo viloyati saylov komissiyasi maʼlumotiga koʻra, 237 ming 930 nafar yoshlar bu galgi saylovda ilk bora ishtirok etmoqda. Saylovchilarning 4695 nafari muddatidan avval ovoz bergan. Ushbu muhim siyosiy jarayonlarni Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanhay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi 4 ta xalqaro tashkilotlarning missiyalari kuzatib bormoqda.

Termiz shahridagi 271-saylov uchastkasida 1 ming 975 nafar saylovchi roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, shundan 34 nafari birinchi marta ovoz berayotgan yoshlardir. Shuningdek, 48 nafar yotoqdagi keksa hamda nogironligi bor fuqarolarga ham oʻz konstitutsiyaviy burchini bajarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ham oʻzining hududidagi mazkur saylov uchastkasiga kelib, munosib nomzodlar uchun ovoz berdi.

Surxondaryoda saylovlar koʻtarinki ruhda davom etmoqda.

Ilhom Rahmatov,

“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?