Yaqin sharqdan olib kelingan 156 nafar oʻzbekistonlik Toshkent viloyatidagi sanatoriyga joylashtirildi

10:58 31 May 2019 Jamiyat
461 0

Oʻzbekiston Maxsus komissiyasi Suriyadan olib kelingan 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻyicha bayonot berdi. Bu haqda Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov oʻzining Facebookʼdagi rasmiy sahifasida maʼlum qildi.

Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan muqaddas Ramazon oyida savobli tadbir amalga oshirildi.

Hech kimga sir emas, Suriya davlatidagi boʻlayotgan urush jarayoni, terrorchilik va ekstremistik harakatlarga bir qator bizning Oʻzbekistonliklar ham aralashib qolgan. Lekin ularning ichida oʻzi tushunib-tushunmasdan, adashib borib qolgan, ekstremistik guruhlar faoliyatining jabrini koʻrganlar ham mavjud.

Joriy yilning 30-may kuni yurtboshimiz rahnamoligida 156 nafar fuqarolar, xususan ulardan 48 nafar ayol, 107 nafar bola kurdlarning lageridan oʻz Vataniga qaytarishga erishildi. Ular aldov yoʻllari bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar (Suriya) hududiga adashib borib qolgan fuqarolarimizdir.

Ogʻir hayotiy davrni boshdan oʻtkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga Oʻzbekiston Hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam koʻrsatadi.

Xususan, davlat rahbari topshirigʻiga muvofiq Hukumat qarori bilan Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida Maxsus komissiya tashkil etildi va Maxsus komissiya tarkibiga kirgan barcha masʼul vazirlik va idoralar mutasaddilarga aniq vazifalari belgilab qoʻyildi.

Qaytarilgan vatandoshlarimizga tegishli xizmat turlarini koʻrsatish uchun maxsus komissiya tarkibiga Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Adliya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, Respublika madaniyat markazidan tegishli rahbar va xodimlar jalb qilindi.

Respublikaga qaytarilgan Vatandoshlarimizni ijtimoiy reabilitatsiya hamda sogʻlomlashtirish maqsadida Toshkent viloyatida hududidagi barcha kerakli sharoitlar yaratilgan sanatoriyga joylashtirildi.

Vatandoshlarimizga va ularning oila aʼzolariga ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy yordam berish maqsadida sanatoriyda barcha masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ularga kun-u tun davomida (24 soat) koʻmaklashish uchun vakillar biriktirildi.

Sanatoriyning oʻzida ularga tibbiy yordam va psixosotsial koʻmak berish, shaxsiy hujjatlarni tiklash, bandligini taʼminlash, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etish hamda ijtimoiy nafaqalar toʻlash choralari koʻrilmoqda.

Vatandoshlarimiz oʻrtasida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etilib, ularning 30 nafarida har xil kasalliklar tashxislandi. Jumladan statsionar davolanishga muhtoj 2 nafari kasalligi boʻyicha tegishli shifoxonaga joylashtirildi, 3 nafar bolalar uchun sanatoriyning oʻzida alohida kunduzgi statsionar tashkil etildi. Qolganlari sanatoriyda umumiy sharoitda sogʻlomlashtirila boshlandi.

Vatandoshlarimiz oʻzlari uchun ajratilgan xonalarga oila aʼzolari bilan birga joylashtirildi va zarur barcha sharoitlar yaratildi, shu jumladan, uyqu va dam olish xonalari, koʻchma maktab va maktabgacha taʼlim xonalari, bolalar uchun oʻyingohlar, uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlovchi oshxona tashkillashtirildi.

Sanatoriyda yaratilgan sharoitlarni oʻrganish maqsadida xalqaro YUNISEF tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Helena Frezer tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar va tashkiliy ishlarga yuksak baho berishdi.

Turli sabablarga koʻra begona yurtlarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga ularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi himoyasida ekanliklarini, davlat ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni qoʻllashi maʼlum qilishni burchimiz deb hisoblaymiz”, - deyiladi Maxsus komissiya bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?