«Sur oltin» konlari ko’z ochmoqda

12:11 27 Aprel 2018 Iqtisodiyot
1141 0

Biz ishlab chiqarish sohasida ko’p narsalarni yangidan tashkil qilishga harakat qilamiz, bu yaxshi. Lekin mavjud, daromad topsa bo’ladigan tarmoqlarni saqlab qolish va rivojlantirish ham asosiy e’tiborimizda bo’lmog’i lozim.
Shavkat MIRZIYOYEV

Yurtimizning qadim shaharlari — Buxoro va Xivaga keladigan sayyohlarni ko’p kuzatganda bir jihat e’tiborni tortadiki, ular betakror shahar manzaralarini hayrat bilan tomosha qilar ekan, xalqimizning nodir asarlariga mahliyo bo’lishadi. Hunarmandlar tomonidan tayyorlangan san’at darajasidagi buyumlar, xususan, qorako’l terilaridan tikilgan kiyimlar oldida esa uzoqroq qolib ketishadi. Ularni kiyib ko’rayotgan, sotib olayotgan sayyohlarning yuzidagi ifodada ajib bir qiziqish zuhur bo’ladi.

Bu hayotimizdagi oddiy manzara. Agar jahon mo’yna bozoridagi holatga e’tibor qaratsak, ushbu qiziqishning naqadar yuqori ekanligini yaqqol ko’ramiz. Bugungi kunda dunyodagi qorako’l terilarining 60 foizi Daniyaning Kopengagen mo’yna bozorida sotiladi. 35 foizi Xelsinki, 2 foizi Sankt-Peterburgdagi xalqaro mo’yna bozoriga chiqariladi. Ularda bir dona qorako’l terisi 200 AQSh dollarigacha baholanadi. Endi ulardan tayyorlangan mahsulotlarning narxini tasavvur qilib ko’ring-a?

Undan ham qizig’i shundaki, qorako’l qo’ylarining ildizi O’zbekistonda. Dunyoga mo’’jizakor qorako’l terilari bilan mashhur bo’lgan o’lkamiz yana o’z brendini tiklay oladimi? 
Sohaga davlat darajasida e’tibor qaratilayotgani “sur oltin” konlari qayta ko’z ochishiga ishonch uyg’otmoqda.

Xalq yaratgan mo’’jiza

Qorako’l qo’ylarini ana shunday atash mumkin. Negaki, ushbu zot xalq selektsiyasi mahsulidir. Tarixiy ma’lumotlarda qorako’l qo’ylari sakkizinchi asrda arab qo’y zotlari bilan chatishtirish natijasida yuzaga kelgani qayd etiladi. Yurtimizning ba’zi hududlarida “arabi qo’ylar” deb atalishi ham fikrimiz tasdig’idir. Bu zot, asosan, Buxoroning Qorako’l mavzesida boqilgani tufayli ilmiy tilimizga “qorako’l” atamasi bilan kirgan.
Qorako’l qo’ylaridan olinadigan teri qadimdan qadrlangan. Dastlab uning junidan kigiz, gilam, chakmon tayyorlangan bo’lsa, keyinchalik mo’ynasiga alohida e’tibor qaratilgan. Savdogarlar tomonidan qorako’l terilari sovuq o’lkalarga, xususan, Rossiyaga eltib, sotilgan. Yurtimizda ham qimmatbaho terilardan tikilgan bosh kiyimlar mashhur bo’lgan. O’zining chidamliligi, issiqligi, yorqin tovlanishi va boshqa xususiyatlari bilan odamlarni maftun etgan bu mo’ynalarga qiziqish muttasil oshib borgan.

O’n to’qqizinchi asrga kelib, qorako’l terilariga talab nihoyatda ko’payadi. Ko’plab davlatlarda unga qiziqish, nafaqat sotib olish, balki etishtirishga ishtiyoq paydo bo’ladi.

Bugungi kunda dunyoning 190 mamlakatida boqiladigan qo’ylarning soni taxminan ikki milliard boshga etadi. Ular mahsulot berishiga qarab, 570 zotga bo’linadi. Qorako’l qo’ylarining soni esa taxminan 30 million boshdan ortadi. Ular jahonning 16 davlatida parvarishlanadi. Namibiya va Afg’oniston qorako’l teri etishtirish bo’yicha dunyoda etakchilar safida turadi. Yurtimizda esa 6 million boshdan ortiq qorako’l qo’ylari parvarishlanadi. Ammo asosiy genofondi yurtimizda bo’la turib nega birinchilikni qo’ldan boy berganmiz?

Qimmatga tushgan iltifot

Shu o’rinda bir tarixiy haqiqatni aytib o’tish joiz. Bilamizki, qorako’l qo’ylari, asosan, Buxoro hududida etishtirilgan. Ularni chetga chiqarish esa taqiqlab qo’yilgan. Ammo olmon elchisi buning uddasidan chiqqan. U 1910 yilda amir ko’ngliga yo’l topib, 10 bosh sovliq va 2 bosh qo’chqorni olish iltifotiga sazovor bo’ladi. Olmonlar yurtimiz iqlimiga o’xshash joy sifatida Namibiyani tanlashadi. Bu yerda qo’ylar moslashganiga ishonch hosil qilingach, 1912 yili Buxorodan yana 50 bosh qo’y va 12 ta qo’chqor olib ketiladi. U yerda qorako’l qo’ylarini chatishtirib, Buxoro qorako’liga nihoyatda o’xshash, qimmatbaho mo’yna beruvchi “Svakara” deb nom olgan yangi zot yaratishadi.

Bugungi kunda Namibiyada yiliga 140 mingdan ortiq qorako’l terilar etishtiriladi. Svakara qorako’l terilari dunyoda eng qimmatbaho va sifatli sanaladi. Bitta terining narxi Kopengagendagi “kimoshdi” savdolarida 60 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarigacha baholanadigan ushbu mahsulotlardan “Prada”, “Gucci”, “Valentino”, “LouisVuitton”, “RobertoCavalli” kabi mashhur brendlar foydalanib kelmoqda.

Buni qarangki, dunyoda qorako’l teri etishtirish bo’yicha etakchi bo’lgan Afg’onistonda ham Buxorodan olib ketilgan naslli qo’ylar asosiy o’rin tutgan. Yigirmanchi asrning boshlarida Afg’oniston hududiga Buxorodan bir million boshdan ortiq qorako’l qo’ylari haydab ketilgan. Ayni vaqtda Afg’onistonning 19 viloyatida shu zotdagi qo’ylar boqiladi. Bir yilda 500 ming donadan ortiq qorako’l teri va 14 ming tonna jun eksport qilinadi. Bitta teri jahon bozorida o’rtacha 100 AQSh dollaridan sotiladi.

E’tiborsizlik oqibati

Afg’onistonda qorako’l qo’zilarining terisi sathi 16 — 20 dm2ni tashkil etadi. Bizda esa bu ko’rsatkich sal pastroq 8 — 11 dm2. Qolaversa, afg’on qorako’l qo’ylarining mahsuldorligi ham baland. 100 bosh sovliqdan 120 — 130 bosh qo’zi olinadi. Bizda esa bu ko’rsatkich 95 foizni tashkil etadi. Xo’sh, bir nasl bo’lsa, nega bizdagi ko’rsatkichlar pasayib ketdi?

Bularning barchasi bir paytlardagi son ortidan quvish natijasi. Ayni shu jihat o’tgan asrning ikkinchi yarmidagi matbuot sahifalarida ko’p uchraydigan bir jumlani yodga soladi: “reja 200 foizga bajarildi”. Qanday qilib? Albatta, qo’ylardan ko’p nasl olish maqsadida kimyoviy moddalar va gormonal rag’batlantiruvchi vositalar, ya’ni o’sha mashhur “SJK” yordamida. Oqibat nima bo’ldi? Qo’ylar bitta yoki ikkita o’rniga to’rt-beshtalab tug’di. Kichik-kichik, kalamushday qo’zilar yoppasiga mo’ynaga topshirildi. Tabiat ishiga aralashuv naslga zarar etkazdi.

Yaylovlardan foydalanishda ham istiqbol o’ylanmadi. Almashlab o’tlatish tizimiga e’tiborsizlik oqibatida ko’plab sero’t yaylovlar faqat yantog’u yovshanzorlarga aylanib qoldi.

Keyingi yillarda ham sohaga etarli e’tibor qaratilmagani tarmoqning taraqqiy etishiga zamin yaratmadi. Qolaversa, tabiiy ta’sirlarni ham hisobga olish zarur bo’ladi.

— O’zbekistonda cho’l va yarimcho’l tabiiy yaylovlari 32 million gektarni tashkil etadi, — deydi O’zbekiston qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nasrullo Boboqulov. — Shundan 30 foizga yaqini qorako’lchilik yaylovlari maydoni hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, hozirgi kunda O’zbekiston qorako’lchilik yaylovlarining qariyb 40 foizida turli darajadagi inqiroz yuz bergan. Faqat quduqlar atrofidagi kuchli inqirozga uchragan yaylovlar maydoni 0,5 million gektar, ko’chma qum massivlari maydoni esa 2 million gektarni tashkil qiladi. Shundan 14 foizi suv bilan ta’minlanmagan. Qolaversa, biz sohaga innovatsion yondashuvni amalga oshirmadik. Hozir bizdan suv quduqlarini inventarizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalar asosida ishlovchi quduqlarni yo’lga qo’yish, mavjudlarini rekonstruktsiya qilish talab etilmoqda. Bundan tashqari, qari qo’ylarni bo’rdoqiga boqib, go’sht ishlab chiqarish hajmi va yaylovlar hosildorligini oshirish uchun cho’l va yaylovlarda urug’lar ekish tizimini joriy etish, izen, teresken, saksovul kabi cho’l o’simliklarini ko’paytirish zarur. Bunday muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish yurtimizda qorako’lchilikni yana serdaromad sohaga aylantirish imkonini beradi.

Daromad manbai, salomatlik qo’rg’oni

Xalqimiz qo’ychilikka “tuyog’idan shoxigacha daromad manbai” degan ta’rifni bejiz bermagan. Holbuki, qorako’l qo’ylaridan qimmatbaho mo’ynadan tashqari, go’sht, sut, jun kabi mahsulotlar ham olinadiki, bularning barchasi katta daromad keltiruvchi manbalardir. Shuningdek, qorako’l qo’zilarining shirdonlari farmatsevtika sanoatida dori vositalari tayyorlashda ishlatiladi.

Qorako’l qo’ylari bir kunda 25 kilometrgacha yo’l bosgani sababli go’shti xushxo’r va tez hazm bo’ladigan 3800 — 4000 kaloriyaga ega. Asosan, dag’al ozuqa bilan oziqlangani bois, foydali elementlarga boy. Shuningdek, uning tarkibida protein, ko’p miqdorda temir, fosfor, mis, A, D va V guruhi vitaminlari va boshqa elementlar mavjud.

Ma’lumotlarga qaraganda, qo’y suti shifobaxsh bo’lib, uning yog’lilik darajasi sigirnikidan 7-8 foiz ko’p. 12 litr qo’y sutidan 1 kilogramm sariyog’ olish mumkin. 

Shuningdek, sutning qayta ishlangan qismidan brinza ham tayyorlasa bo’ladi. Qadimdan ota-bobolarimiz darmonsizlikka va sil kasalligiga chalingan bemorlarni to’l mavsumi boshlanganda otar boshiga keltirib, yangi sog’ilgan qo’y suti bilan parvarishlashgan. Shu o’rinda taniqli yozuvchi O’tkir Hoshimovning “Urushning so’nggi qurboni” asari yodga tushadi. Unda silga chalingan Shone’matga ham Komil tabib qo’y suti buyurgan edi...

Tarmoq istiqbolida yangi bosqich

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 martdagi “Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida chorvachilikda xususiy mulkning ustuvor ahamiyati va o’rnini ta’minlash, yaylovlardan samarali foydalanish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko’paytirish va raqobatdoshligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu tariqa qorako’lchilik sohasi ham o’z egasini topayotir. Ilgari shirkat xo’jaliklari shaklidagi xo’jaliklar fermer xo’jaliklari yoki mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirilib, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish choralari ko’rilayapti. Bunda respublika “Qorako’lchilik” uyushmasining tashkil etilishi o’ziga xos ahamiyat kasb etdi. Uning zimmasiga qorako’lchilik tarmog’ini rivojlantirish, qorako’l zotli qo’ylarning sara genofondini saqlab qolish va takomillashtirish maqsadida ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan selektsiya-naslchilik dasturlarini amaliyotga tatbiq etish bo’yicha muhim vazifalar yuklatildi.

Bundan tashqari, jahon bozorida qorako’lchilik mahsulotlariga bo’lgan talab va taklifni o’rganish, qorako’l juni va terisini qayta ishlash, eksport uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va resurs tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga ko’maklashish, yaylovlar unumdorligini oshirish hamda yaylov o’simliklari urug’chiligini yo’lga qo’yishga ilmiy, amaliy va metodik yordam ko’rsatish kabi muhim tadbirlar belgilandi.

— Bu esa olimlarimizni sohaga ilmiy va innovatsion yondashishga undamoqda, — deydi N. Boboqulov. — O’tgan yili 12 ta amaliy va 3 ta innovatsion ilmiy loyiha hamda bitta noyob ob’ektni saqlash ustida izlanishlar olib borildi. Sur qo’ylarning “Shofirkon” zavod tipi uchun patent olindi, qora rangli qo’ylarning “Jongeldi” zavod tipi yaratildi, makkajo’xorining “Malika” navi hamda “Atriplex undulata” o’simligining gektaridan 24 — 40 tsentner pichan hosili beruvchi “Yagona” navi yaratildi. Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 5 gektar maydonda shuvoq o’simligi ekilib, sun’iy shuvoqzor barpo qilindi. Olimlarimiz xorijda qator ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, o’zlarining bilim va salohiyatini oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yilning fevral oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chog’ida hududda qorako’lchilikni daromadli va ish o’rinlari yaratadigan tizimga aylantirish bo’yicha zarur topshiriqlar bergandi. Qisqa fursatdan so’ng, aniqrog’i, 14 martda Prezidentimizning “Qorako’lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan sohadagi ko’plab muammolar o’z echimini topmoqda. Chorvadorlarni qiynab kelayotgan sug’orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish, chorvachilik tarmog’ini texnika bilan ta’minlash, etishtirilgan xom ashyoni sotish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Qorako’lchilik va cho’l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Buxoro filiali hamda O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro cho’l yaylov ozuqabop o’simliklar urug’chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etiladigan bo’ldi.

Amalga oshirilayotgan bu ishlar, albatta, o’zining ijobiy samarasini berishi, shubhasiz.

Klaster tizimi — zamon talabi

— O’zbek qorako’lining xalqaro miqyosdagi brendini tiklash masalasi kun tartibiga chiqqan ayni kezlarda, uni  innovatsion yondashuvlarsiz amalga oshirib bo’lmasligini barchamiz yaxshi bilamiz, — deydi biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin Zaripov. — Faqat xom ashyo — teri, mo’yna va jun bilan biz ko’zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz. Demakki, chuqur qayta ishlash, etishtirishdan tortib, qayta ishlashgacha bo’lgan jarayonni bir zanjirda birlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Ya’ni qorako’lchilikda klaster tizimini yo’lga qo’yish maqsadga muvofiq. Buning yana bir jihati shundaki, klaster nafaqat innovatsion yo’nalish, balki ilm, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini o’zida mujassamlashtirgani bilan sohani jadal rivojlantirish imkonini beradi.

“Qorako’lchilik — engil sanoat” klasteri yo’lga qo’yilsa, nafaqat engil sanoat, balki oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika kabi o’nlab tarmoqlar ham qamrab olinadi. Bunda xom ashyo bir tizim tomonidan barcha qayta ishlash jarayonlaridan o’tkazilib, yuqori sifatli tayyor yakuniy mahsulotga aylantiriladi. Shunda biz dunyoga nafaqat qorako’l terilari, balki undan tayyorlangan ekologik sof kiyim-kechaklar, farmatsevtika mahsulotlarini “O’zbek qorako’lidan tayyorlangan” brendi ostida chiqara olamiz.

Cho’lda hayot ifori

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko’ra, so’nggi 40 yil ichida sayyoramizdagi ekin etishtirish uchun yaroqli yerlarning deyarli uchdan bir qismining unumdorligi yo’qolganligi sababli u yerni odamlar tark etgan. Mamlakatimiz o’zining jug’rofiy va iqlim xususiyati bilan ekologik tanazzulga, ayniqsa, o’simlik qoplami va cho’l ekotizimlarining tanazzuliga juda ham ta’sirchan.

Demak, dunyoni tashvishga solayotgan qurg’oqchilik va sahrolanish muammosi bizning respublikamizni ham chetlab o’tayotgani yo’q. Natijada minglab gektar yer sho’rlanish, cho’llanishga yuz tutmoqda. Minglab gektar yaylovlarning kelajagi xavf ostida qolmoqda. Cho’llanishga qarshi kurashning asosiy yo’nalishi sifatida degradatsiyaga uchramagan hamda bu jarayon endi boshlanayotgan yerlarda, ushbu muammoning oldini olishga e’tiborni qaratish lozimligi uqtirilayotir.

Cho’l va yarimcho’l hududlarida yashovchi aholining asosiy daromad manbai chorvachilik hisoblanadi. Ammo chorvaning yaylovlarda tartibsiz boqilishi natijasida ushbu hududlarda o’simliklarning kamayib, ba’zan esa butkul yo’qolib ketishiga sabab bo’lmoqda.

Prezidentimizning qarorida yaylovlardan oqilona foydalanish tizimiga alohida e’tibor qaratilayapti.

Unda cho’l va yarimcho’llarga moslashgan o’simlik turlarini aniqlash, ularni ko’paytirish choralarini ko’rish, aholi farovonligini oshirish, aholining yaylovga ta’sirini kamaytirish orqali ekotizimni yaxshilash ko’zda tutilgan. Buxoro cho’l yaylov ozuqabop o’simliklar urug’chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markaziga yuklatilgan vazifalarda bu o’zining yorqin ifodasini topgan.

Chorvadorlar bilan suhbatlashsangiz, yaylovlarni asrashning yana bir omilini anglaysiz. Mohiyat shundaki, chorvachilik hududlari uzoqda joylashgan. Bu esa, o’z navbatida, elektr, gaz, yoqilg’i ta’minotini cheklaydi. Mahalliy aholi ehtiyoj uchun cho’l butalarini kesishga majbur. Bu esa ta’minotni yaxshilash masalasini yuzaga chiqaradi. Buning eng maqbul yo’li, deyishmoqda mutaxassislar, muqobil manbalar — shamol, quyosh, suv energiyalaridan foydalanishni yo’lga qo’yishdir. Qarorda bu yo’nalishda ham imtiyozlar berilishi sohaning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Qo’y — qut-baraka ramzi, farovonlik manbai. E’tibor qilgan bo’lsangiz, qo’y yilda bir marta qo’zilaydi, tinimsiz so’yiladi. Taomnomamizda doimo go’sht bo’ladi. Lekin ularning soni hech kamayib ketmaydi. Yana bir dalil shundaki, sohaga e’tiborsiz qaralgan o’tgan davrda ham ularning bosh soni qariyb 2 baravar ko’payibdi.

Mamlakatimizda shunday barakali sohaga qaratilayotgan e’tibor yaqin istiqbolda uning rivojini yangi bosqichga olib chiqishi muqarrardir.
Namoz BOTIROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?