Superliga-2019 formati tasdiqlandi. Qanday oʻzgarishlar bor?

11:33 07 Yanvar 2019 Sport
652 0

Arxiv foto

Oʻzbekiston Superligasida vaqti kelib jamoalar soni 16 taga qadar oshishi mumkin. Ammo 2019 yilda ham chempionatda 12 ta klub gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Hammasi yil sayin raqobatbardosh klublar sonining oshishiga bogʻliq.

2018 yilgi mavsumda Superliga bellashuvlari “oltin ochko” qoidasiga koʻra oʻtkazilgan va klublar jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushgandi. Mazkur formatning eng asosiy oʻziga xosliklari sifatida markaziy oʻyinlar sonining ikki barobar koʻp boʻlishi hamda chempionlik uchun kurash masalasiga autsayderlarning aralashmasligini koʻrsatish mumkin.

Professional futbol ligasi 2019 yilda 12 ta klub uchun ishlab chiqilgan ikkinchi formatni sinab koʻrishga qaror qildi. Unga koʻra, jamoalar uy-safar tizimida jami 22 ta tur uchrashuvlarini oʻtkazadi. Qolgan 11 ta tur esa 22-turdan keyingi turnir jadvaliga qarab tuzib chiqiladi.

Bunda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan klub uchinchi davrada 2-oʻrin sohibini oʻz uyida qabul qiladi hamda 3-oʻrin maydoniga safar etadi. 4-oʻrin egasini oʻz uyida qabul qiladi va 5-oʻrinni egallagan klub maydoniga safar etadi. Shu tariqa istalgan jamoa 22-tur yakuniga koʻra oʻzidan keyingi oʻrinda turgan klubni oʻz maydonida qabul qiladi va keyingisining maydoniga safar etadi.

Mazkur formatda jamoalar mavsum soʻngiga qadar ikkiga ajratilmaydi. Klublar ishlagan ochkolar oʻz oʻrnida qoladi. Uchinchi davra taqvimi 22-tur yakuniga yetganidan soʻng 10 daqiqa ichida muxlislarga havola etiladi. Buning hech qanday qiyin joyi boʻlmaydi. Turlar ketma-ketligi yil avvalida tashlangan qurʼa qanday koʻrinish olgan boʻlsa, 33-turga qadar shu ketma-ketlikda qoladi.

PFL hamda OʻFA chempionatning avvalgi formati oʻzini oqlamagani uchun emas, ikki yoʻlni solishtirish uchun ham shunday qarorga keldi. Agar 2020 yilda ham jamoalar soni 12 ta boʻlib qolaversa, u holda soʻnggi ikki yildagi formatdan qay biri yaxshiroq ekani borasida katta soʻrovnoma oʻtkaziladi. U vaqtda deyarli barchada formatlarni solishtirib olish imkoniyati boʻladi.

Aslida esa oʻzbek futbolidagi kamchiliklarni bartaraf etishda format hech qanday rol oʻynamaydi. Professional futbol ligasi mamlakat klublarini jiddiy litsenziyadan oʻtkazish, ularning faoliyatini tartibga solish va ichki chempionatni kuchaytirish yoʻlidagi izlanishlarini davom ettiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?