“Sultana”: “Oʻzbekistonda byudjeti 20 million dollar boʻlgan tarixiy serial suratga olinadi

11:26 07 Oktyabr 2019 Madaniyat
195 0

Oʻzbekistonda “Sultana” nomli tarixiy teleserialni suratga olish ishlari boshlanadi. Loyihani MDHdagi eng yirik televizion kontent ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlgan “Star Media” kinokompaniyasi amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida “Star Media” asoschisi va bosh prodyuseri Vladislav Ryashin bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda xalqaro loyiha – “Sultana” serialini yaratish boʻyicha hamkorlikdagi rejalar muhokama qilindi. U Oʻzbekistonga sherigi, “Quddus”, “Poyga” va “Arvohlar shahri” kabi filmlari bilan tanilgan fransiyalik prodyuser Jan Charlz Levi bilan birga tashrif buyurdi. Serialni suratga olish jarayoni Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Loyiha ingliz tilida suratga olinadi, unda Gollivud aktyorlari ishtirok etishi koʻzda tutilgan, aktyorlar nomi hozircha sir tutilmoqda. “Sultana” seriali syujeti XVII asrda boʻlib oʻtgan hodisalarni oʻzida jamlagan boʻlib, bugungi kun uchun ham dolzarb boʻlgan geosiyosat, hukmronlik va sevgi uchun kurash mavzularini ochib beradi. Olti epizodni oʻz ichiga oladigan birinchi mavsum uchun byudjet 20 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Shuningdek, 2-mavsumni suratga olish ishlari davom ettirilishi rejalashtirilgan. Shuni ham taʼkidlash lozimki, “ Star Media” kelasi yili “Toshkent - non shahri” filmini suratga olishni ham koʻzda tutmoqda. Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan maʼlum qilinishicha, ushbu film orqali Shuhrat Abbosovning shu nomdagi afsonaviy filmini qayta suratga olish emas, balki mutlaqo yangi asar yaratilishi nazarda tutilgan. “Biz “Sultana“ teleserialidan tashqari yana bir ”Toshkent - non shahri“ filmini Rossiyaning ”Birinchi kanal“i bilan hamkorlikda suratga olishni rejalashtirganmiz. Mamlakatingiz bilan bogʻliq barcha loyihalarni Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi bilan birga amalga oshiramiz” - dedi Vladislav Ryashin.

Shuningdek, u Toshkentda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekkino” milliy agentligi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Ryashin 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida film ishlab chiqaruvchi xorijiy kinokompaniyalar xarajatlarining bir qismini qoplaydigan “Rebate” tizimi yoʻlga qoʻyilayotganini alohida eʼtirof etdi. Uning fikricha, bu xorijiy kinokompaniyalar eʼtiborini Oʻzbekistondagi noyob maydonlarda turli janrdagi filmlarni suratga olishga yoʻnaltirish uchun yaxshi ragʻbat deb hisoblaydi. Taʼkidlash joizki, “Star Media” kinokompaniyasi 2006-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirda MDH hududidagi eng yirik kino va televizion kontent yaratuvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning fondi 5000 soatdan ortiq oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarga ega. Kompaniya muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri - oʻz mahsulotlarini boshqa mamlakatlar bozorlariga izchil tarqatishdir. Jumladan, 50 dan ortiq chet el davlati - Sharqiy va Gʻarbiy Yevropa, Yaqin Sharq, Xitoy, Yaponiya, AQSH va Isroil davlatlari “Star Media” mahsulotlarining doimiy xaridorlari hisoblanadi. Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi mamlakat hududida xorijiy kinokompaniyalar tomonidan audiovizual mahsulotlarini yaratishda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida xorijiy kinokompaniyalarga bepul asosda tashkiliy va ishlab chiqarish-texnik yordam koʻrsatish boʻyicha vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?