Sug’urta kompaniyalari xizmatlaridan aholi rozimi?

17:50 26 Aprel 2018 Iqtisodiyot
599 0
Фото: eraprava.by

Sug’urta xizmatlariga nisbatan aholining ishonchsizlik hissi hamon saqlanib turibdi. “Kompaniyalar sifatli xizmat ko’rsatmaydi, etkazilgan moddiy zarar o’z vaqtida to’lanmaydi”, deya tafakkur qiladi ko’pchilik. 
Aslida ham shundaymi? Etkazilgan zararni qoplash ishlari qanday hal etilmoqda?

“O’zagrosug’urta” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan anjumanda shu kabi savollarga batafsil javoblar berildi. 

Mazkur sug’urta kompaniyasi sug’urta bozorining faol ishtirokchilaridan biridir. Yigirma bir yildan buyon aholi, ayniqsa, qishloq xo’jaligi tarmog’ida sug’urta xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda. 

— Sug’urta tashkilotlari o’z zimmasidagi majburiyatlarini to’liq bajarib kelmoqda, — deydi “O’zagrosug’urta” aktsiyadorlik jamiyati bosh menejeri Maqsud Nosirov. — Misol uchun, bizning jamiyat tomonidan sug’urta da’volarini ko’rib chiqish va mijozlarga etkazilgan zararni tez muddatda to’lash choralari ko’riladi. Birgina o’tgan yili 96,7 milliard so’mlik sug’urta to’lovlari amalga oshirildi. 

Ma’lumotlarga ko’ra, aynan qishloq xo’jaligi tarmog’ida, asosan, paxta va g’alla etishtirish davrida yuzaga kelgan turli ko’rinishdagi zararlarni qoplash uchun 74 milliard so’m mablag’ ajratilgan. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi 2200 dan ortiq fermer xo’jaliklariga qariyb 39 milliard so’mlik, Namangan viloyatilik fermerlarga 10 milliard so’mlik moddiy zararlar qoplab berildi. 

Tizimda innovatsion loyihalardan samarali foydalangan holda, “Sug’urta xizmatlarini sotish”, “OwnCloud — Bulut portali”, “CRM BPM Online”, “Pegas”, “Kerio connect” kabi onlayn dasturlari tatbiq etilgan. Kelgusida yangi interaktiv xizmatlarni yanada ko’paytirish, ya’ni “O’zagrosug’urta” AJ faoliyati va xizmatlari haqida to’liq ma’lumot beruvchi sensorli axborot infokiosklarni, axborot xavfsizligini ta’minlash va ma’lumotlarning noqonuniy chiqib ketishining oldini olish maqsadida DLP tizimini joriy etish ko’zda tutilgan. 

Rahim SHERQULOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?