Sug‘orish madaniyati g‘o‘za rivojida muhim omil

10:15 26 Iyun 2018 Jamiyat
494 0

Dehqonlarimiz, butun jamoatchilik joriy yilda suv qadrini yanada teran anglab yetmoqda. Chunki yil quruq keldi. Obihayot tanqisligi sezilyapti. Mirishkorlardan har qachongidan ko‘ra omilkorlik bilan ishlash talab qilinayotir.

Suv tanqisligi oqibatlarini bartaraf etishda ularga ko‘makdosh bo‘lish har bir kishining fuqarolik burchiga aylandi.

Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 29 may kuni o‘tkazilgan videoselektorda ana shular haqida atroflicha fikrlashib olingan edi.

Shunga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ishchi guruhlari joylarda, jumladan, Buxoro viloyatida ham bo‘lib, suvdan oqilona foydalanish, sug‘orishning ilg‘or usullarini qo‘llagan holda obihayot tanqisligi oqibatlarini yumshatish kabi dolzarb masalalarda dehqonlarga yelkadosh bo‘lishmoqda. Deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, suvdan o‘rinli foydalanish ahvolini o‘rganishayotir.

— Kuzatishlarimiz ko‘rsatyaptiki, barcha tumanlarda g‘o‘zani kanallar bo‘yicha navbatlab sug‘orish tartibi yo‘lga qo‘yilgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N. Sobirov. — Bu usulda sug‘orish tizimi imkoniyati, ekin maydonlari ahvoli inobatga olinadi. Shu tarzda suv yetib borishi qiyin bo‘lgan fermer xo‘jaliklari yerlarini, birinchi navbatda, sug‘orish ta’minlanadi. Bundan tashqari, vohada “Suvni kutib olish” degan ibora urf bo‘ldi. Bu fermer suv kelgunga qadar sug‘orish tarmoqlarini tartibga keltirishi, agrotexnik tadbirlarni bajarishi, dala boshiga chiritilgan mahalliy o‘g‘it tayyorlab qo‘yishi zarurligini anglatadi. Boshqacha aytganda, sug‘orish madaniyati ham obihayot tanqisligini yengishda qo‘l kelyapti. Biz Romitan tumanidagi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati ekin maydonlarida ishga ana shunday jiddiy yondashilayotganining guvohi bo‘ldik. Minglab gektar yerda klaster usulda paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilgan ushbu subyekt dalalarida suvning har tomchisidan oqilona foydalanilmoqda. Tungi sug‘orish batartib yo‘lga qo‘yilgan. Suvchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Biz joylarda bu kabi ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilyapmiz.

Viloyatda sug‘oriladigan jami 274,7 ming gektar ekin maydoni mavjud. Bu maydonlarni suv bilan ta’minlash uchun 17,1 ming kilometr uzunlikdagi gidrotarmoqlar, 50 dan ziyod yirik gidroinshootlar, nasos stansiyalari, tik sug‘orish quduqlari barpo etilgan. Ularning ishlashi uchun Davlat byudjetidan yiliga 450 milliard so‘m sarflanadi. Shu dalilning o‘zi ham voha uchun suv benihoya qadrli ekanini ko‘rsatadi. Suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi inobatga olinsa, obihayotdan tejab-tergab foydalanish o‘ta dolzarb masala ekani ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bunday vaziyatdan chiqish uchun qanchalik omilkorlik ko‘rsatilayotganini kuzatib borish uchun jamoatchilik nazorati ham muhim ahamiyatga ega.

— Xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qaroriga ko‘ra, suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish, g‘o‘zadan kafolatli hosil yaratish maqsadida tuman shtablari, jamoatchilik nazorati bo‘yicha ishchi guruhi va oqsoqollar guruhi tuzildi, — deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Olot tumani bo‘linmasi raisi S. Oqqiyev. — Buni biz, keksa avlod vakillari o‘zimizga bildirilgan ishonch, deb qabul qildik. Zero, butun tuman ahli ko‘p yillik tajribamizga ishonib, umid bog‘lab bizga ko‘z tikib turibdi. Umrimiz dalada kechgan. Suv tanqis kelgan yillarning ko‘pini ko‘rganmiz. Tajribamiz bor. Shu bois ham ayni kunlarda katta hayot tajribasiga ega oqsoqollardan iborat guruhimiz fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, suvdan oqilona foydalanish borasidagi tajribani o‘zaro baham ko‘rmoqda, jamoatchilik nazoratini o‘rnatmoqda. Jumladan, g‘o‘za maydonlarida namlikni uzoq muddat saqlash maqsadida qarama-qarshi kultivatsiya o‘tkazishni, mahalliy o‘g‘itni sharbatlab oqizishni har bir sug‘orishning yakuniy qismida amalga oshirishni maslahat beryapmiz. Shularga amal qilinsa, sug‘orish oralig‘i 4-5 kunga cho‘zilib, suv tejaladi.

Soha mutaxassislarining fikricha, bu kabi qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi, shuningdek, 470 gektar bog‘-rog‘ni tomchilatib, 2580 gektar maydondagi ekinni egiluvchan quvurlar bilan sug‘orish, ko‘chma dizel suv nasoslaridan foydalanish, pirovardida 240 million kub metr suvni tejash imkonini beradi. Bularning barchasi g‘o‘zada kafolatli hosil yetishtirish sari qo‘yilgan muhim qadamdir.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?