Sudya notoʻgʻri qaror chiqarsa… Bunga nima sabab, bilimsizlikmi, tajribasizlikmi, beparvolikmi? Qonunga hurmatsizlikmi?

14:02 15 Avgust 2019 Jamiyat
120 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz koʻplab maʼruza va chiqishlarida “Odamlarni rozi qilishimiz kerak” yoki “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan fikrlarni taʼkidlaydi va barchani shunga daʼvat etadi. Shubhasiz, inson manfaatlarini amalda taʼminlashda mustaqil sud hokimiyati muhim oʻrin tutadi. Shu bois soʻnggi yillarda bu sohada nihoyatda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim ahamiyatga ¬ega. Farmonda sudyalar va ular bilan birgalikda sud idoralarida xizmat qilayotgan xodimlarning ham oylik maoshlari oshirilishi belgilab qoʻyildi. Hattoki, Farmonga asosan sudyalarning transport vositalari, sud xodimlarining esa namunali uy-joylarni sotib olishlari -uchun imtiyozli kreditlar ajratiladigan boʻldi. Bunday holat shu kunga qadar hech qachon yuz bermaganligi sababli ushbu Farmonni tarixiy, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

Lekin biz uchun yaratilayotgan shuncha sharoit va imkoniyatlarni qay darajada oqlayapmiz, degan savol meni bezovta qiladi. Shu sohaning vakili sifatida, ochigʻini tan olib aytishim kerak, hammamiz ham oqlayotganimiz yoʻq.

Jiddiy kamchiliklar koʻp

Tahlillar shuni koʻrsatayaptiki, soʻnggi paytlarda sudlarda koʻrilayotgan ishlar sifat jihatidan qoniqarli darajada emas. Yuqori sudlar tomonidan quyi sudlarda koʻrib chiqilgan ishlarning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi holatlari koʻp uchrayotganligi achinarli.

Shu oʻrinda nega birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiyada ish koʻrgan sudya oʻz vakolat doirasida ishlarni qonuniy koʻrmayapti, buning sababi nimada, degan haqli savol tugʻiladi. Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan 6 oy mobaynida sudyalar tomonidan koʻrilgan ishlar har tomonlama toʻla tekshirilib, aniqlangan haqiqiy holatga qonuniy baho bermaslik, jinoyat ishlari boʻyicha Jinoyat kodeksining 57-moddasini notoʻgʻri qoʻllab, yengil jazo tayinlash, Jinoyat kodeksining 72-moddasini notoʻgʻri qoʻllab, shartli jazo tayinlash, qoʻshimcha jazo tayinlash qonunda lozim boʻlsada, tayinlamaslik, yetkazilgan zarar miqdorini asossiz kamaytirish hamda taqiqda boʻlgan mol-mulkni asossiz ravishda roʻyxatdan chiqarish, sud qarorlarini oʻz vaqtida ijroga qaratmaslik holatlari ariza va shikoyatlar oqimining ortib borishiga sabab boʻlmoqda.

Fuqarolik ishlari boʻyicha davlat boji undirishni asossiz kechiktirish yoki uni toʻlashdan ozod qilish, taraflarga nikohdan ajralish haqida yarashish uchun muhlat bermaslik yoki muddatini asossiz ravishda qisqartirish holatlari, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini asossiz ravishda yangi ochilgan holatlar boʻyicha, deb bekor qilish, sud qarorlarini oʻz muddatida ijroga qaratmaslik, sud qarorlariga nisbatan berilgan shikoyatlarni harakatsiz qoldirish kabi holatlar kuzatilmoqda.

Iqtisodiy ishlar boʻyicha neustoyka summalarni asossiz ravishda kamaytirish, zararlarni undirish ishlari boʻyicha yetkazilgan zararning haqiqiy miqdorini aniqlamaslik holatlari ham mavjud.

Maʼmuriy ishlar boʻyicha ham shu kabi xatolar bilan chiqarilgan qarorlarning bekor boʻlishi va oʻzgartirilishi kuzatilmoqda. Natijada fuqarolar ayrim sudyalarning xatti-harakati yuzasidan yuqori sudga va boshqa idoralarga tinimsiz ariza va shikoyatlar yuborayapti. Taʼkid¬lash kerak, fuqarolar yuqori sudlarning javoblaridan ham noroziliklarini bildirib, chora koʻrish uchun Sudyalar oliy kengashiga murojaat etmoqda.

Sudyalar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan bu kabi kamchiliklarni koʻrib oʻylab qolasan kishi…

Bunday asossiz qabul qilinadigan qarorlardan koʻzlangan maqsad nima? Yoki qanday omil borki, sudya notoʻgʻri qaror chiqarayapti? Bu sudyalarning bilimsizligimi? Tajribasizlikmi? Beparvolikmi? Qonunga hurmatsizlikmi yoki bilib turib moddiy manfaatdorlik evaziga oʻz vakolatini suiisteʼmol qilishmi?

Poraga qarshi kurash boʻyicha tavsiyalar

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Res¬publikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlarini yana bir bor koʻrsatib berdi. Shuningdek, joriy yilning 15-iyun kuni Oliy Majlis Senatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ayniqsa, sud tizimida bu kabi illatlarning mavjudligini aslo kechirib boʻlmaydi. Ommaviy axborot vositalari orqali mamlakatimizda shu yil 6 oyda qanchalab mansabdor shaxslar, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqida xabarlar berildi. Ularning deyarli barchasiga korrupsiya ayblovi qoʻyilgan. Bu masalada, sudyalar bilan bir necha bor yigʻilish oʻtkazdik, xatlar yozildi, lekin vaziyat oʻnglanmayapti.

Oʻtgan 6 oy mobaynida Kengash tomonidan 89 nafar sudyaga nisbatan intizomiy ish qoʻzgʻatildi va chora koʻrish uchun tegishli malaka hayʼatlariga yuborildi. 11 nafar sudyaning vakolati muddatidan oldin tugatildi. 2 nafar sudyaga nisbatan Bosh prokuror tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi sababli tegishli taqdimnomaga asosan ularni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi, birining vakolati muddatidan oldin tugatildi, yana birini jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilib, vakolati toʻxtatildi. Iyul oyining boshida ham bir nafar sudyaga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi. 12 nafar sudyaning arizasi olinib, muddatidan oldin vazifasidan ozod etildi.

Axir, sohada shuncha ijobiy oʻzgarishlar qilinayapti. Sudyalarning oylik ish haqini yana oshirish haqidagi masala ham kun tartibida turibdi. Lekin yuqorida sanab oʻtgan noxush holatlar kamaymayapti.

Korrupsiyaga qarshi kurashda zaruriy choralarni koʻrish bilan birga, ayrim qonun normalarini targʻibot qilishni ham taklif etgan boʻlardim.

“Qars, ikki qoʻldan chiqadi”, degan naql bor. Fuqarolar ham qaysidir qingʻir yoʻllar bilan maqsadiga erishishga intilish oʻrniga qonun normalarini oʻqisin, oʻrgansin.Tanish-bilishchilik, turli iltimoslar, oʻz manfaati uchun hech narsadan toymaydigan, moddiy manfaat, deb qonunlarni oyoqosti qilib, qasamyodini buzadigan, odob-axloq qoidalariga rioya qilmaydigan sudyalar, sud xodimlariga va ushbu sud idoralariga ish yuzasidan kelib ketayotgan fuqarolarga qonun talablarini eslatish va ogohlantirish maqsadida quyidagi qonun normalarini hamma uchun koʻrinadigan joyga 1-2 metr masofadan bemalol oʻqish mumkin boʻlgan kattalikdagi harflarda, oʻqishga qulay tartibda yozib qoʻyish zarur, deb bilaman.

Insondagi har qanday yomon odatlar – beparvolik, dangasalik, masʼuliyatsizlik, oʻz manfaatini ustun qoʻyish hayotda olgan tarbiyasiga ham koʻp jihatdan bogʻliq ekanligini yaxshi bilamiz. Lekin sudyalar oila tarbiyasidan tashqari, maktabda, oliy oʻquv yurtida ilm olish bilan birga, sudyalik lavozimiga kelguniga qadar hayot tajribasiga ega boʻlib, undan ham saboq chiqargan, ibrat olgan boʻlishi kerak. Shuning uchun ham men yana bir bor mutafakkir ajdodimiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, degan hikmatlarini yodingizga solmoqchiman. Bu bejiz aytilmagan. Axir, tarbiyasiz va maʼnaviyatsiz, oʻzini tiyib yurolmaydigan insonlarni qanday ahvolga tushganlarini koʻryapmiz-ku.

Nafsni tiyishni uddalaydigan kishi — har tomonlama kuchli va aqllidir, uddalay olmaganlar — maʼnaviyatdan oqsagan kuchsiz va ojiz kishilardir. Shuning uchun ayrim mansabdorlar bosar-tusarini bilmay qoladi va koʻngli tusagan ishni qilib, hattoki jirkanch qilmishlardan ham hazar qilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, qonun ustuvorligini taʼminlash, adolatni begʻaraz amalga oshirish jarayonida, har qanday yoʻsinda manfaatdor boʻlishga urinish, harakat va harakatsizlikning natijasi oddiy fuqaromi, mansabdormi, kim boʻlishidan qatʼi nazar, ¬oxir-oqibat yaxshilik bilan tugamaydi. Shuning uchun kishi har bir ishni qilishdan avval, shunday qilish mumkinmi, deya oʻz-oʻziga savol qoʻyib, bu huquq-majburiyatim doirasiga kiradimi, shu ish oqibatida oʻzimga va oila aʼzolarimga zarar yetmaydimi, degan fikrlarni obdon oʻylab, yaʼni “yetti oʻlchab bir kes” iborasiga amal qilib, keyin harakat qilsa, hech qanday balo-qazolarga uchramaydi, demoqchiman.

Bir dono kishi: “Faqirligim — halolligim, Vatanimga, xalqimga sodiqligim isboti”, degan ekan.

Yozganlarimni ham rahbarning talabi, ham shu soha oqsoqolining, agar kimda-kim tan olsa ustozning shogirdlariga qarata aytgan nasihati, deb qabul qilasiz, degan umiddaman.

Ubaydulla MINGBOYEV,

Sudyalar oliy kengashi raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist
Manba: “Inson va qonun” gazetasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?