Sudlarda ishlar avtomatlashtirilgan tizim orqali taqsimlanadi

15:50 11 Mart 2020 Jamiyat
99 0

Illyustrativ foto

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Qonun (OʻRQ–607-son, 10.03.2020-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Jumladan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga sudyalar oʻrtasida ishlarni taqsimlashga oid alohida modda kiritildi.

Unga koʻra, sudlarda ishlar sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvini hisobga olib, muhokama natijasidan manfaatdor shaxslarning taʼsir koʻrsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda taqsimlanadi.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeks daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari javobgarga hamda uchinchi shaxslarga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilishi mumkinligiga oid norma bilan toʻldirildi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?