Sudlar faoliyatiga qanday oʻzgartirishlar kiritildi?

16:11 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
71 0

Davlatimiz rahbari “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur hujjat parlament yuqori palatasining yigirma birinchi yalpi majlisida maʼqullangan edi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining 12 ta qonuni hamda 1 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, tuman va shahar sudlarining sudyalarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish masalalarini Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan dastlabki tarzda kelishuvsiz mustaqil koʻrib chiqishini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Sudyalarning chinakam mustaqilligi, Sudyalik korpusini shakllantirish va nomzodning shaxsi toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar toʻplash masalasida ochiq-oshkoralikni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlari joriy etilgan. Jumladan:

* sudyalar va oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Kengash aʼzolariga nisbatan xizmat tekshiruvlari oʻtkazish;

* oʻz faoliyatini doimiy asosda olib boruvchi Kengash aʼzolarini intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish;

* davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, qolaversa, mansabdor shaxslar hamda fuqarolardan Kengash faoliyati bilan bogʻliq zarur axborot, hujjatlar va boshqa materiallarni soʻrab olish.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonunga qoida qoʻshilgan. Unga koʻra, zaxiraga kiritilgan sudyalik lavozimiga nomzod Sudyalar oliy maktabida oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlaganidan keyin boʻsh sudyalik lavozimlarini toʻldirish uchun tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga ega boʻladi.

Sudyalar xatolarining oldini olish, sudyalar korpusi yetarli amaliy va hayotiy tajribaga ega yuqori malakali yuristlar orasidan shakllanishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga sudyalar uchun oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan yosh senzini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilgan.

Shu bilan birga, sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasida turgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda oʻqishi shartligi belgilangan. Oʻqish davrida ular asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq oʻqishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi.

Shuningdek, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar kamaytirish maqsadida “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish kiritilgan. Unga koʻra, nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish tartibi Adliya vazirligi tomonidan, chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishib olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi Sudyalar oliy kengashi faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, uning asosiy vazifalarini oʻz vaqtida bajarilishi, sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tizimini takomillashtirish, sudya boʻlishga xohishi boʻlgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, qolaversa, qonun hujjatlarida mavjud boʻlgan qarama-qarshilik va boʻshliqlarni bartaraf etishga yordam beradi.

Batir MATMURATOV,

Oliy Majlis Senati
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga
qarshi kurashish qoʻmitasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?