Sudlar faoliyatida “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi

19:13 25 Iyul 2020 Siyosat
297 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda odil sudlovni taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, oʻtgan davr mobaynida yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi sud hokimiyatining yagona oliy organi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. Birinchi marta Oliy sud maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati va hududlarda maʼmuriy sudlar tashkil etildi. Tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini sudda himoya qilish kafolatini kuchaytirish maqsadida iqtisodiy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash masalalari parlamentning doimiy diqqat markazida boʻlib, shu maqsadda Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashish komissiyasi tashkil etildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi. Ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi asosida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Sud tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.

Sudlarni moddiy-texnika jihatidan taʼminlash masalalarini mustaqil hal etish maqsadida Oliy sud huzurida Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tashkil etildi. Shuningdek, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilib, kelib tushgan daʼvo arizalarni elektron tartibda roʻyxatdan oʻtkazish, protsessual muddatlarga rioya qilinishi ustidan onlayn monitoring qilish imkoniyatini beruvchi elektron baza ishga tushirildi. Sud majlislarini toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn uzatish imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, yurtimizda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishdagi ishtiroki kundan kunga kengayib borayotgani, mulkdorlar soni oshib borayotgani, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi kuchayayotgani sud-huquq tizimini ham yana-da takomillashtirishni taqozo etmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar tomonidan joriy yilning iyun oyida joylarda olib borilgan muloqotlar davomida sud ishlarida ortiqcha byurokratiyaning saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta koʻrishda takrorlovchi bosqichlar mavjudligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari tomonidan ochiqchasiga aytib oʻtilgan edi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon aynan mana shunday muammolarning yechimini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farmon bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bu esa, joylarda yagona sud amaliyotini shakllantirishga, sudlarning tarqoqligi tufayli fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlishining oldini olishga xizmat qiladi.

Endilikda tuman (shahar) maʼmuriy sudlari oʻrnida tumanlararo maʼmuriy sudlari tashkil etiladi hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishni jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi. Bu oʻz navbatida maʼmuriy sudlarning muayyan tumandagi mahalliy hokimiyat organlarining turli tazyiqlaridan xoli va mustaqil faoliyat yuritishlari, bunday sudlarni tashkil etishdan koʻzlangan asl maqsad, yaʼni fuqarolar va tadbirkorlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari va qarorlaridan sud orqali himoyalash uchun yana-da qulay sharoit yaratadi.

Farmon bilan prokurorning sudda ishtirok etishi tartibi ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Jumladan, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish, taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina prokuror tomonidan suddan ishlarni chaqirib olish, boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish nazarda tutilmoqda. Bunday qoidalarning kiritilishi albatta sudning mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini amalda taʼminlashga xizmat qiladi.

Eʼtiborlisi, Farmon bilan ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda. Yaʼni, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish nazarda tutilmoqda. Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti esa tugatilmoqda. Bunday tartibning oʻrnatilishi natijasida sudda har bir ish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelish orqali sud qarorlarining barqarorligi taʼminlanadi hamda fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlishining oldi olinadi.

Maʼlumki, sudda muayyan ishni, nizoni toʻgʻri va adolatli hal etishda sudyaning asosiy “ish quroli” va “tayanchi” – bu qonun. Shunday ekan, Oliy sud Konstitutsiya bilan berilgan qonun tashabbuskorligi huquqidan samarali foydalanishi, odil sudlovni taʼminlashda albatta oʻzining ijobiy natijasini beradi. Farmonda Oliy sud tuzilmasida Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi tuzilishi koʻzda tutilgan. Bu esa, Oliy sudning qonun ijodkorligi faoliyatida yana-da koʻproq va professional tarzda ishtirok etishini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu tuzilma orqali sud va parlamentning oʻzaro hamkorligi kuchayishiga shubha yoʻq.

Umuman olganda, Farmon fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Korrupsiyaga qarshi kurashish va

sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?