Sudda ishlarni ikki bosqichda koʻrish amaliyotiga barham beriladi. Bu nima degani?

16:16 27 Iyul 2020 Siyosat
375 0

Prezidentimiz oʻtgan haftada “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi.

Xoʻsh, ushbu hujjatning qabul qilinishiga qanday hayotiy zarurat bor edi?

Qayd etish kerak, ushbu Farmon qabul qilingunga qadar Oliy Majlis huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya tomonidan tuzilgan ishchi guruh aʼzolari joylarga chiqib, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash borasida muammolarni tahlil qilish va joylardagi ahvolni koʻzdan kechirdi. Sud tizimi xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazish bilan birga, aholi, jamoatchilik vakillari, nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda sektorlar rahbarlari bilan ham suhbatlashib, bu boradagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishga qaratilgan fikr va takliflar olindi.

Shu asnoda ishchi guruh sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash borasida oʻz yechimini kutayotgan bir qator muammolar borligiga guvoh boʻldi. Xususan, sud xodimlarini oʻz vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish, sud tizimini aholi bilan muloqot qilish boʻyicha axborot xizmati mavjud emasligi, sudda ishni koʻrib chiqishda va sud ish yurituviga axborot-kommunikatsiya tizimini kengroq joriy qilish kerakligi, sud tizimi moddiy-texnik taʼminotidagi muammolar aniqlanib, ularni bartaraf qilish borasida tegishli takliflar tayyorlandi. Eng asosiy eʼtibor-aholining sud tizimiga ishonchini ortishi uchun toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga qaratildi.

Endilikda, Farmon bilan yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarning aniq yechimiga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yaratib berilmoqda. Xususan, ushbu hujjat bilan ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud — bir instansiya” tamoyilini joriy etish belgilandi. Yaʼni sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi hamda bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyatsiya yoki kassatsiya) koʻrish amaliyotiga barham berilmoqda.

Bu ayni muddao boʻldi. Sababi, avvali sud ishlarini qayta koʻrish boʻyicha sud instansiyalarining koʻpligi natijasida fuqarolarni sudda koʻrilgan ishlar boʻyicha qayta-qayta bir nechta sud instansiyalariga qatnab, vaqt va mablagʻlarni sarf qilib sarson boʻlayotgan holatlari ham kuzatilgan edi.

Shu bilan birga, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari arzimagan vaj bilan Oliy sud tomonidan nazorat tartibida qayta koʻrib, bekor qilinishi natijasida sud hujjati ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq jarayonni chalkashlikka olib kelishi bilan birga, fuqarolarni sud tizimiga boʻlgan ishonchini pasayishi va bu borada haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi.

Shuningdek, yuqoridagi holatlar natijasida ayrim hollarda bitta mazmundagi sud ishlarini bir necha yillab, kerak boʻlsa 10 yillab qayta-qayta koʻrib chiqilishiga va yakuniy toʻxtamga keluvchi sud qarori qabul qilinmayotganligi haqida fuqarolardan shikoyat kelib tushayotgan edi.

Raqamlarga eʼtibor qaratsak, 2019-yilning oʻzida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasida koʻrilgan ishlarning 
13 mingga yaqini Oliy sudda oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan. Bu raqamlarning ortida qancha vaqt va mablagʻ sarflanganini tasavvur qilib koʻring.

Shu bilan birga, BMTning maxsus maʼruzachisi D.Garsiya-Sayyan, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlar sud tizimida nazorat instansiyasi mavjudligini jiddiy tanqid qilgandi.

Axir, sudga najot, adolatli yechimni istab kelgan fuqaroning daʼvosi boʻyicha sudda aniq huquqiy yechimi topilsagina hamda sudning qarori “oʻzgaruvchanlik xususiyati”ga ega boʻlmasagina, fuqaroning sud tizimiga boʻlgan ishonchi va hurmati oshishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, har bir sud instansiyasida koʻriladigan ishlar boʻyicha sudyalarning masʼullik va javobgarlik hissini oshirish va keyinchalik bekor boʻlmaydigan va oʻzgartirilmaydigan sud qarorini qabul qilish tizimini yana-da rivojlantirish kerak boʻladi. Chunonchi, buning uchun sudya sud qaror qabul qilishda faqat va faqatgina qonunga tayanish amaliyotini yana takomillashtirish lozim.

Xulosa qilib aytganda, Farmon ijrosining toʻgʻri va sifatli tashkil qilinishi sud hokimiyatining yana-da mustaqilligi taʼminlanishiga va aholining sud tizimga boʻlgan ishonchi yana-da ortishiga xizmat qiladi.

Dilmurod ISMOILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?