Sud Toshkent shahar hokimining qarorini bekor qildi

11:28 13 Iyun 2019 Jamiyat
602 0

Toshkent shahar Chilonzor tuman maʼmuriy sudiga “Hayrabod” mahalla fuqarolar yigʻini Toshkent shahar hokimiyati mansabdor shaxsi tomonidan chiqarilgan qarorni haqiqiy emas, deb topish boʻyicha shikoyat-ariza bilan murojaat qildi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga koʻra, sud majlisida oʻrganishlar asosida quyidagilar aniqlangan.

“Hayrabod” mahalla fuqarolar yigʻini 50 yildan buyon hududdagi 3-tor Hayrabod koʻchasi, 13-manzilda joylashgan “Otalar choyxonasi” binosidan foydalanib kelgan. Toshkent shahar Yer resurslari va mulk kadastri xizmati davlat korxonasining arxiv hujjatlariga koʻra 995 kv.m. yer maydonida joylashgan binoning 555 kv.m. qismi “Hayrabod” MFY nomiga kadastr hujjatlari bilan rasmiylashtirilgan.

Biroq 23.05.2017-yilda Toshkent shahar hokimining 630-sonli qarori asosida ushbu binoning huquqiy holati aniqlanmasdan, oʻrnatilgan tartibda egasiz deb topilib, davlat tasarrufiga qabul qilinmasdan qonunga zid ravishda “XALOL SUT MAZASI” MCHJga ajratib berilgan.

Chilonzor tuman Maʼmuriy sudining raisi Abdullajon Muhiddinovning “Xalq soʻzi“ga maʼlum qilishicha, sud qonun talablari va aniqlangan holatlardan kelib chiqib, “Hayrabod” mahalla fuqarolar yigʻinining shikoyat-arizasini asosli, deb hisobladi hamda Toshkent shahar hokimining yuqorida qayd etilgan qarorini haqiqiy emas deb topgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?