Sud tizimining ochiqligi va shaffofligini qanday baholash mumkin?

16:56 12 Fevral 2020 Jamiyat
295 0

Tahlillarga koʻra, korrupsiya jahon iqtisodiyotiga har yili oʻrtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Afsuski, mamlakatimiz ham bu muammodan xalos boʻla olmayapti. Dunyodagi korrupsiya darajasini oʻrganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida Oʻzbekiston oxirgi uch yilda 12 pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa-da, hali bu illat toʻlaligicha barham topmagan.

Misol uchun, tahlillarga koʻra, sogʻliqni saqlash tizimidagi xarajatlarning 25-30 foizi samarasiz sarflanmoqda. Koʻplab sohalarda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi ochiq-oshkora emas.

Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan koʻra, uning barvaqt oldini olishga oʻtish kerakligini taʼkidlagan edi.

Buning uchun, eng birinchi navbatda jamoatchilik nazorati institutini yana-da kuchaytirish talab etiladi.

Jamoatchilik nazorati esa faol fuqarolik jamiyatini talab qiladi.

Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar tomonidan faol fuqarolik pozitsiyasi asosida jamiyat va davlat hayotiga doir muhim siyosiy va ijtimoiy jarayonlarning xolislik asosida yoritilayotganligi va jamoatchilik fikri asosida yechim topayotganligi bu sohaning rivoj topayotganligi hamda soʻz erkinligi kafolatlanganligidan dalolat beradi. Fuqarolik jamiyati instituti rivojlanib borar ekan, tabiiy ehtiyoj asosida jamiyat hayotiga daxldor muammolarning davlat ishtirokisiz jamoatchilik taʼsiri ostida hal boʻlishiga olib keladi. Bu esa oʻz-oʻzidan davlatning jamiyat hayotiga aralashishdan iborat boʻlgan koʻpgina boshqaruv mexanizmlarining jamiyat ixtiyoriga oʻtishi demakdir.

Shu oʻrinda, 2018-yil 12-aprelda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida” Qonunini aytib oʻtishni joiz. Ushbu qonunning asosiy maqsadi davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Qonunga binoan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan NNT, OAV jamoatchilik nazorati subyektlari etib belgilangan.

2018-yil 4-mayda Prezidentimizning “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati bilan bogʻliq ahvol jiddiy tanqid ostiga olingan.

Mazkur hujjatda, xususan: “amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning maʼnaviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud” deb qayd etilganligi sohada muammo va kamchiliklar yetarlicha ekanligini anglatadi. Bugungi kunda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ochiqlik va shaffoflik asosida ish olib bormoqda.

Jumladan, sud hokimiyati ham bundan mustasno emas. Sud tizimining ochiqligi va shaffofligini shundan koʻrish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Oliy sud rasmiy veb sayti orqali jinoiy, maʼmuriy, fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan chiqarilayotgan sud hujjatlari (hukm, qaror, hal qiluv qarori, ajrim) bilan hech qanday toʻlovlarsiz va toʻsiqlarsiz tanishish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, sud muhokamalari sayyor tartibda davlat tashkilotlari, mahallalar va boshqa tashkilotlarda oʻtkazib kelinmoqda.

Sudlarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi yana-da kengayib, tom maʼnodagi xalq sudlariga aylanib bormoqda. Sudlarning ushbu tizimda ishlash jarayoni vaqt oʻtgani sayin yana-da takomillashib rivojlanib boradi.

Jamoat tashkilotlarining asosiy vazifasi fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, yangilanishlar va zamon talablari asosida fuqarolar ongini yuksaltirib borishdan iborat boʻlishi lozim. Shundagina oʻz oldimizga qoʻygan huquqiy demokratik davlat qurishdek buyuk maqsadimizga erisha olamiz.

Jasur Sattorov,

Buxoro viloyati Peshku tumanlararo iqtisodiy sudi apparati xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?