Sud xatolarining oldini olish maqsadida sudyalar yoshini oʻttiz besh yoshgacha oshirish nazarda tutilmoqda

14:18 24 Avgust 2019 Siyosat
473 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online. Yalpi majlisda “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham koʻrib chiqildi.U bilan “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Advokatura toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, jami 12 ta va bitta kodeksga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Qonuniga Kengash tomonidan tuman, shahar, viloyat va Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyalarini tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligisiz mustaqil koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilyapti.

Oʻz navbatida sudyalarning haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, sudyalar korpusini shakllantirish masalasida shaffoflik va nomzodning shaxsi haqida ishonchli maʼlumotlarni yigʻishga yordam beradigan qoʻshimcha mexanizmlar kiritilmoqda.

Sud xatolarining oldini olish, sudyalar korpusini yetarli hayotiy tajribaga ega yuqori malakali yuristlar orasidan shakllantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga sudyalar yoshini oʻttiz besh yoshgacha oshirishni nazarda tutish belgilanmoqda.

Maʼlumki, “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlash Adliya vazirligi vakolati hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida nazarda tutilgan qaroriga asosan Advokatlik guvohnomalari berishni optimallashtirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish maqsadida advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilash normalari kiritilmoqda.

Qonun bilan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi bekor qilinishi va jamoat tartibini saqlash boʻyicha profilaktika (katta) inspektori yordamchisi lavozimi joriy etilishi munosabati bilan tegishli qonunlarga ham tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Qonunga binoan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari rahbarlari oʻrniga tashkil etilgan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilarining huquqiy maqomi qonun darajasida belgilab berilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?