Oʻzbekiston Respublikasining 3 ta kodeksiga oʻzgartirish kiritish taklif qilindi

11:58 16 Noyabr 2018 Hujjatlar
2454 0

“Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqida

OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDINING QARORI

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais B. Mirboboyev, sudyalar A. Gafurov, S. Koshayeva, B. Miralimov, G. Pirjanov, K. Uljayev va F. Kayumovdan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni 14-moddasiga amal qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqidagi ishni ochiq majlisida koʻrib chiqdi.

Masala “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 25-moddasiga muvofiq, fuqaro S. Yakubjanovning Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan sudyalar A. Gafurov, S. Koshayeva va B. Miralimovning tashabbusi bilan kiritildi.

Konstitutsiyaviy sud mazkur masala yuzasidan maʼruzachi sudya S. Koshayevaning axborotini tinglab va ish boʻyicha mavjud hujjatlarni oʻrganib,

aniqladi:

Fuqaro S. Yakubjanov Konstitutsiyaviy sudga yoʻllagan murojaatida Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi va toʻrtinchi qismlaridagi sud majlisining audioyozuvi (ovoz yozuvi) sud ruxsati bilan amalga oshiriladimi yoki bu majlis zalida hozir boʻlganlarning huquqimi, degan savol bilan murojaat qilib, sharh berishni soʻragan.

Ushbu murojaatni oʻrganish jarayonida Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismida “sud tashabbusiga koʻra yoki maʼmuriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra sud majlisining audio yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin” deb koʻrsatilgan.

Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida esa “majlis zalida hozir boʻlganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma olib borish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translyatsiya qilinishiga ishni koʻrayotgan sudning ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi” deb belgilangan.

Ushbu moddada “audioyozuv” va “ovoz yozib olish” bir maʼnoni anglatadigan ikki iboraning qoʻllanilishi Oʻzbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi talablariga mos emas.

Aynan shunday holat, yaʼni sud jarayonida audioyozuvni amalga oshirish boʻyicha tartib Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 165-moddasining ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida ham mavjud.

Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasining ikkinchi qismidagi talablar sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqlari cheklanishiga olib keladi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga muvofiq emas. Bu agar sud ishlarini yuritish ishtirokchisining iltimosnomasi qanoatlantirilmasa uning ovoz yozib olish huquqi boʻlmaydi, vaholonki, majlis zalida hozir boʻlgan har qanday shaxs sudning ruxsatisiz ovoz yozib olish huquqiga ega ekanligini anglatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasida “Hamma sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi” deb belgilangan. Konstitutsiyaning ushbu moddasi mazmunidan maʼmuriy, iqtisodiy va boshqa ishlar boʻyicha odil sudlov, asosan, sud muhokamasining oshkoraligi prinsipiga muvofiq amalga oshirilishi lozim, degan xulosa kelib chiqadi.

Biroq Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasi ikkinchi qismining mazmuniga koʻra, sud ishlarini yuritish ishtirokchisining iltimosnomasini muhokama qilib, sud ovoz yozib olishga ruxsat berishi yoki ruxsat bermasligi mumkin. Vaholonki, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeks 143-moddasi toʻrtinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq, majlis zalida hozir boʻlganlar sudning ruxsatisiz ovoz yozib olish huquqiga ega.

Shunday qilib, qayd etilgan normalarda sud muhokamasining oshkoraligi prinsipiga rioya qilinmasdan sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqi cheklanib, ularga sud majlisida ovoz yozib olishga sudning ruxsati talab etilishi, sud majlisi zalida hozir boʻlganlarga esa sudning ruxsatisiz ovoz yozib olish huquqi berilgan.

Bundan tashqari, yuqorida qayd qilingan kodekslarning sud majlisida ovoz yozib olib borish boʻyicha normalari Fuqarolik protsessual kodeksi normalaridan farq qiladi. Yaʼni Fuqarolik protsessual kodeksi 208-moddasi toʻrtinchi va oltinchi qismlarida sud majlisining ovoz yozuvini olib borilishiga sud protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasi bilan hamda taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi, deb belgilangan.

Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 14, 31, 32, 33-moddalariga, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5, 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud

Q A R O R  Q I L D I:

1. Sud majlisida ovoz yozib olishni amalga oshirish yagona tartibini belgilash hamda sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining ovoz yozib olishni amalga oshirish huquqi cheklanishini bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilsin (ilova qilinadi).

2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi S. Koshayeva ushbu qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganida ishtirok etish uchun vakil etib tayinlansin.

3. Ushbu qaror “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalari va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 33-moddasida belgilangan Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalarda eʼlon qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi

Toshkent shahri, 2018 yil 14 noyabr

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?