Subsidiya muhtojga yetib boryaptimi?

12:59 06 Iyul 2020 Siyosat
367 0

Bugun koʻpchilik oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, bir yilda 3-martagacha hosil olayotganlari ham oramizda koʻplab topiladi.

Pandemiya tufayli yurtimizda eʼlon qilingan qatʼiy karantin vaqtida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish, ichki bozorda narx-navo oshib ketmasligi koʻp jihatdan tomorqalardan qanchalik oqilona foydalanishimiz, kichik boʻlsa-da, tadbirkorlik bilan shugʻullanishimizga bogʻliq.

Prezidentimizning “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori juda koʻp tomorqachilarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topib beradi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, aholi tomorqalariga kafolatlangan koʻchat va urugʻlarni tizimli yetkazib berishni tashkil etish, tijorat banklari bilan birgalikda uch oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida 2 million soʻmgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz On-line tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmini joriy etish tartiblari belgilandi.

Qalovi topilsa, qor ham yonadi. Yechimi qiyin yoki uzoqqa choʻziladigan muammoni aytib, oʻzini oʻzi ovutishdan natija chiqmaydi. Shuning uchun bor imkoniyatga qarab harakat qilish zarur. Suv yoʻqligi yoki doimiy emasligini bahona qilmay, harakatsiz oʻtirmay, hatto dasht yerlarda ham dehqonchilik bilan shugʻullanib, hosil olayotgan, rizq topayotgan mehnatkash yurtdoshlarimiz yoʻq emas.

Oxirgi vaqtlarda kambagʻal oilalarga berilayotgan yer maydonlari rizq garovi. Hozirda ana shu yerlardan hamma ham oqilona foydalanyapti, deya olmaymiz. Bitta va katta sabab (kimlar uchundir bahona) suv kamligi, keyingisi “ekkan ekinlarimiz saratonda suv yetishmasligidan qurib qoladi”, degan qoʻrquv.

Birgina Fargʻona tumani misolida oladigan boʻlsak, 3 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududlarida tadbirkorlarga 1 gektar yer aksiyasi doirasida malinachilik va anorchilik bilan shugʻullanishlari uchun yer ajratilgan. Lekin bu yerlardan hosil olish uchun, hech boʻlmaganda, 3 ta sugʻorish qudugʻi qazish zarur. Umuman, tumandagi yana 20 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholi tomorqalardan foydalanishda suv tanqisligidan qiynalmoqda.

Bunday hududlardagi muammoli holatlarni bartaraf etish, aholiga imkon qadar yordam koʻrsatish Prezident qarorida alohida eʼtiborga olingan. Xususan, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan kamida 30 ta aholi tomorqalarini sugʻorish uchun yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash xarajatlarining 70 foizini, biroq 120 million soʻmdan oshmaydigan qismini qoplashga subsidiya ajratilishi belgilandi.

Bu imkoniyat va yengilliklardan adolatli, samarali foydalaniladimi? Biz barcha darajadagi deputatlar deputat boʻlib shu savolni oʻzimizga berish bilan cheklanmasdan, qizgʻin, bahsli, tortishuvli jarayonning ichiga kirishimiz kerak. Chunki subsidiyani haqiqiy muhtojlarga bermaslik yoki adolatsiz taqsimlash, boʻlib olish holatlari kuzatilishi mumkin. Hozir resurslar uchun kurash ketmoqda, bu kurashda muhtojlar yutqazib qoʻymasligi uchun astoydil harakat qilishimiz zarur.

Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?