Strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonot imzolandi

10:13 20 Dekabr 2019 Siyosat
436 0

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzoladi.

Ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida soliq va bojxona sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha imzolangan bitimlar almashildi.

Bulardan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida iqtisodiyot, sanoat, turizm, ilm-fan, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehnat migratsiyasi, taʼlim va sport sohalarida, hududlar oʻrtasida hamkorlik boʻyicha oʻndan ziyod hujjat qabul qilindi.

Shundan soʻng ikki mamlakat yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Davlatimiz rahbari Yaponiya bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va yanada kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.

– Bugun siyosiy, parlamentlararo aloqalar, savdo va investitsiya, innovatsiya, kichik va oʻrta biznes, fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qildik hamda muhim kelishuvlarga erishdik, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Tashrif doirasida Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan yirik loyihalar boʻyicha bitimlar imzolandi. Bu loyihalar avvalo Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilgʻor yutuqlarini Oʻzbekiston iqtisodiyotiga joriy etishga qaratilgani bilan ayniqsa eʼtiborlidir.

Yaponiya Bosh vaziri, oʻz navbatida, Prezident Mirziyoyev rahbarligida mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish boʻyicha olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Imzolangan salmoqli hujjatlar mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

- Biz janob Prezident bilan, Qoʻshma bayonotga asoslanib, Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikni hamma sohalarda rivojlantirish boʻyicha yelkadosh boʻlib ishlaymiz, - dedi Sindzo Abe.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar boʻyicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi yana bir bor tasdiqlandi.

, 


Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?