Strategik hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini taʼminlashga aniqliklar kiritildi

17:40 14 Sentyabr 2020 Siyosat
166 0

Mamlakatimizda vijdon va diniy erkinlikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish masalalari ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu maqsadda Oʻzbekiston inson huquqlari sohasida 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnoma va 4 ta Fakultativ protokoliga qoʻshilib, ularning bajarilishiga alohida eʼtibor qaratib kelinadi.

2020-yil 14-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida yuqorida taʼkidlab oʻtilgan ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratib, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Deputatlar loyihani Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik tarixi va madaniy-tarixiy anʼanalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilganligini eʼtirof etishdi. Ayniqsa, xalqaro meʼyorlar talablari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingani loyihaning yana-da mukammalligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Loyiha bilan vijdon erkinligini taʼminlash va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy prinsiplari, sohada davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olish, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini oʻrgatish huquqlari belgilanmoqda. Shuningdek, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni taʼminlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari boʻyicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini toʻlashdan ozod etilishi mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Tadbirda strategik rejalashtirish hujjatlarini hamda ularni amalga oshirishda jamiyatning turli sohalari, jumladan uzoq muddatli yoki oʻrta muddatli xarakterga ega boʻlgan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi maqsadlar, ustuvorliklar va ularga erishish boʻyicha vazifalarni aniqlashga xizmat qiluvchi “Strategik rejalashtirish toʻgʻrisida”gi gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda hududiy va tarmoq dasturiy hujjatlarini ishlab chiqishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining oʻzaro hamkorligi mavjud emas hamda davlat prognozlari, konsepsiyalari va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda, ularning sifatli bajarilishini nazorat qilishda parlament va jamiyat ishtiroki cheklangan.

Shu maqsadda mazkur loyiha sohalar, tarmoqlar va mamlakat hududlari rivojlanishiga taʼsir etuvchi ichki va tashqi omillar, tendensiyalar, imkoniyatlar hamda cheklovlarni aniqlash va tahlil qilish shuningdek, sohalar, tarmoqlar va hududlar rivojlanishining maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari, vazifalari va prognoz koʻrsatkichlarini belgilash, ularga erishishning yoʻllari va usullarini tanlash va boshqa masalalar belgilanmoqda. Deputatlar tomonidan eʼtirof etilganidek, qonun loyihasi orqali strategik rejalashtirishning ilmiy-uslubiy, axborot va resurs taʼminoti, rejalarni amalga oshirish holatini monitoring qilish tizimi mamlakatning tizimli rivojlanishiga xizmat qiladi.

Deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash davomida bildirilgan qator takliflar inobatga olingani aytib oʻtildi. Xususan, fraksiya tashabbusi asosida qonun loyihadagi moddalar joylashuvini qayta koʻrib chiqildi, aksariyat asosiy tushunchalarda berilgan normalar moddalarga koʻchirildi, tegishli organlar vakolatlariga aniqliklar kiritildi va muvofiqlshtirildi. Shuningdek, strategik hujjatlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini taʼminlash masalalariga aniqliklar kiritildi. Ayniqsa, sohada axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga eʼtibor qaratildi.

Deputatlar, ochiqlik va shaffoflik masalalariga, strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda jamoat birlashmalari, ilmiy va boshqa tashkilotlar oʻrnini belgilash, Hukumat vakolatlariga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyalari va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllash masalalarini kiritish masalalarini koʻrib chiqish taklifini ilgari surdilar.

Yigʻilishda muhokama etilgan qonun loyihalari boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda takliflar ilgari surildi va qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?