“Stop trafik” tezkor profilaktik tadbirlar samara beryaptimi?

18:16 11 Dekabr 2018 Siyosat
634 0

Bugun Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston ichki ishlar vazirlarining birinchi oʻrinbosarlari hamraisligida Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Vazirlik sohaviy xizmat rahbarlaridan tashkil topgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasiga vazirning birinchi oʻrinbosari general-mayor D. Nazarmuhamedov rahbarlik qildi.

Yigʻilish kun tartibida bugungi kunning dolzarb masalalari, jumladan, transchegaraviy jinoyatlar, terrorizm va ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi kabi jinoyatlarga qarshi kurashda oʻzaro hamkorlik choralari, ushbu sohalarda chegara hududlarning hamkorligini rivojlantirish hamda kasbiy hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oldingi uchrashuvda kelishilgan masalalar, shuningdek, 2017-2018 yillarda vazirliklar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Protokolni amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy koʻrib chiqdilar.

Maʼlumotlarga koʻra, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirlari tomonidan erishilgan kelishuvga asosan, shu yilning 22-26 noyabr kunlari bir vaqtning oʻzida ushbu davlatlarda “Stop trafik” tezkor profilaktik tadbirlari oʻtkazilgan.

Tadbir davomida Oʻzbekiston hududida 24 ta jinoyat aniqlangan boʻlsa, Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan reydda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan odam savdosi jinoyati uchun qidiruvda boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi aniqlanib, qoʻlga olingan. Qozogʻistondan Oʻzbekistonga qaytish imkoni boʻlmagan 10 nafar fuqarolarimiz aniqlanib, ularni Vatanga qaytarish choralari koʻrilgan.

Qozogʻiston Respublikasining poytaxti Ostona shahrida oʻtkazilgan tadbir natijasida 8 nafar qiz fohishalik bilan shugʻullanayotgani, ulardan 4 nafari oʻzbekistonlik ekanligi aniqlanib, tegishli choralar koʻrilgan.

Yigʻilishda ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi, istiqbolli vazifa va yoʻnalishlari belgilab olinib, tomonlar intensiv hamkorlikni davom ettirish hamda unga koʻproq amaliy salohiyat berishga kelishib oldilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?