Statistik maʼlumotlar haqqoniy va ochiq boʻlishi kerak

12:55 20 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
133 0

Har birimiz kundalik hayotimizda toʻgʻri va asosli maʼlumotlarni olishda Davlat statistika qoʻmitasining axborotlariga tayanamiz. Sababi ochiq iqtisodiyot sharoitida yagona axborot makonining eng muhim elementi albatta, ishonchli va dolzarb davlat statistikasidir. Zero, maʼlumotlar qanchalik haqqoniy va ochiq boʻlsa, uning asosida olib boriladigan davlat siyosati ham shunchalik toʻgʻri va adolatli boʻladi.

Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimizda statistika maʼlumotlarining sifati va ishonchliligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, boʻlib oʻtayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni, jumladan xalqaro tashkilotlarning maxsus nashrlari va maʼlumotlar bazalarida xolis va ishonchli aks ettirishni taʼminlash choralari koʻrilayotir.

Lekin shunga qaramay, bugungi kunda statistika maʼlumotlari sifatini yana-da yaxshilash, statistika koʻrsatkichlarining toʻlaqonli maʼlumot bazalarini yaratish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish zarurati bor. Bu esa milliy statistika tizimini takomillashtirish, statistika maʼlumotlarining xolisligi va ishonchliligini oshirishni talab etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor boʻlgan bir qator qonun loyihalari bilan birga, “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi ham qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan qonun loyihasining ahamiyatli jihati shundaki, u milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar, maʼmuriy maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar, respondent va foydalanuvchilarning oʻzaro munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soladi.

Mazkur hujjat bilan statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, jumladan rasmiy statistika hisobotlarini yigʻish va kuzatuvlarni oʻtkazish hamda ularning natijalarini nashr va eʼlon qilish jarayonlariga hech kim aralashmasligi, shuningdek, hududiy davlat statistika organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil boʻlishi va bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga boʻysunishi belgilab qoʻyilmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasini ishlab chiqishda MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda rasmiy statistika boʻyicha Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qirgʻiziston, Armaniston, Moldova va boshqa mamlakatlarning tajribasi oʻrganildi. Shunday ekan, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan rasmiy statistika sohasida bir qator amaliy natijalarga erishiladi:

Birinchidan, milliy statistika tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga solinib, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilarning maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tarqatish faoliyatlarida xalqaro tamoyillarga tayanishi va oʻz navbatida sifatni taʼminlash boʻyicha vazifalari belgilanadi.

Ikkinchidan, rasmiy statistika maʼlumotlarining maʼmuriy maʼlumotlardan farqi, rasmiy statistikani ishlab chiqaruvchilar toifalari va ularning professional mustaqilligi hamda Davlat statistika qoʻmitasini asosiy ishlab chiqaruvchi va mamlakatdagi rasmiy statistika tizimining muvofiqlashtiruvchi organi sifatida belgilab qoʻyiladi.

Uchinchidan, statistik maʼlumotlarni yigʻish va maʼmuriy maʼlumotlarni olish tartiblari aniq belgilab qoʻyiladi hamda foydalanuvchilarning barcha toifalariga xalqaro tamoyillarga asoslangan holda, sifatli rasmiy statistikani yetkazib berilishi uchun qonuniy asos yaratiladi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda statistika axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat statistika hisobotini ishonchli ravishda yuritishni shakllantirish boʻyicha muhim va tezkor choralar koʻrilmoqda. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa milliy statistika tizimidagi barcha subyektlar faoliyatining huquqiy asosini yaratadi.

Baxыtbay ALDAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?