Startap loyihalarni rivojlantirish uchun 345 000 yevro kredit ajratildi. Uni kimlar olishi mumkin?

19:16 11 Mart 2020 Jamiyat
528 0

Maʼlumotlarga koʻra, bugun xalqimizning 75%i qishloq-xoʻjaligi orqali daromad topadi. Shu maʼnoda, yurtimizda, ayniqsa, chekka hududlarda start-up loyihalarni rivojlantirish, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi oʻrtasida kambagʻallikni bartaraf etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik boʻyicha Jamgʻarma kassalari fondi, Agrobank, Mikrokreditbank va Xalq banki vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Oʻtkan yili Germaniya Federatsiyasida boʻlib oʻtgan xalqaro amaliy seminarlarda jamgʻarma kassalari fondi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Agrobank, Mikrokredit banki va Xalq banki oʻrtasida kelishuv imzolangan edi. Maʼlumotlarga koʻra, bugun mana shu kelishuvning amaliy natijasi sifatida Germaniyaning Jamgʻarma kassalari fondi ushbu uch bank bilan birgalikda “Aylanma Kredit fondi”ni shakllantirdi. Bunga poydevor Germaniya hukumatining saxiy koʻmagi bilan qoʻyildi. Uchta bankning har biri oʻz mablagʻlari hisobidan kapitalni koʻpaytiradi va qiymati 115.000 yevroga teng kredit fondini yaratadi. Har uchala bankning ixtiyorida kreditlar uchun jami 345.000 yevro miqdorida mablagʻ mavjud boʻlib, kreditlar Oʻzbekiston milliy valyutasida, yaʼni soʻmda beriladi. Ushbu yangi model soʻm bilan qiymati maksimum 4.000 yevro ekvivalentida kredit berishni nazarda tutadi. Buning uchun uchta bank ham 16% bilan hisob – kitob qiladilar.

Ushbu yangi kredit fondlaridan beriladigan mablagʻlarni faqat qishloq xoʻjaligi sohasidagi startap va investitsiyalar uchun Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi oʻquv dasturida ishtirok etgan yoshlar olishlari mumkin.

Tadbirda aytilishicha, oʻquv dasturining faoliyati Toshkent va Jizzax viloyatlarida pilot hududlar sifatida allaqachon boshlangan. Buning uchun Germaniyalik hamkorlar tomonidan 22 nafar Oʻzbekistonlik trenerlar multiplikatorlar sifatida oʻqitildi. Bu trener oʻquvlari yana davom ettiriladi va kelgusida dastur bosqichma – bosqich mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olish imkoniga ega boʻladi.

Bundan maqsad, bugungi kunda yoshlarimiz kredit olishlarida duch keladigan asosiy muammolardan biri boʻlgan garov taʼminoti masalasini hal etishdir. Yaʼni loyiha doirasida kredit olmoqchi boʻlgan yoshlarga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kredit summasining 50% miqdoridagi kafilliklar hamda foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya tarzida qoplab beriladi.

Bundan tashqari, tadbir yakunida Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi tomonidan Global ekologik fondning Kichik grantlar dasturiga iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha taqdim etilgan loyihaning tasdiqlanishi munosabati bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?