SSV tizimi xodimlaridan 324 nafarining huquqi buzilgan

11:39 27 Dekabr 2018 Jamiyat
306 0

Illyustrativ foto

Respublikamizda sogʻliqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yigʻindisidan iborat yaxlit tizimi amal qiladi va ularda minglab shifokorlar, tibbiyot xodimlari mehnat qilib kelmoqda.

Xoʻsh, shifokorlarimiz isteʼmolchi sifatida oʻz huquqlarini qanchalik biladilar? Ularning bu boradagi huquqlari himoyasi qanday holatda? Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bu borada oʻrganishlar olib bordi.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 2018 yilning 9 oyi davomida sogʻliqni saqlash tizimi xodimlaridan 324 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning aksariyati ijobiy hal etilishi natijasida 531 mln. 258 ming soʻmdan oshiqroq mablagʻlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgan. Murojaatlar tahlili bugungi kun tibbiyot xodimining isteʼmol madaniyati boshqa soha vakillariga nisbatan ancha yuqori ekani koʻrsatmoqda.

Yana raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida sogʻliqni saqlash tizimi xodimlaridan kelgan 10 ta murojaat oʻrganilib, ular foydasiga 30 mln. 106 ming 710 soʻm qayta hisob-kitob qilib berilgan.

Masalan, Amudaryo tumanida yashovchi shifokor Xoljon Yakubovaning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga gaz taʼminoti korxonasi faoliyatidan norozi boʻlib yozgan arizasi tegishli tartibda oʻrganilib, korxona tomonidan qoʻyilgan 3 mln. 395 ming soʻm noreal qarzdorlik bartaraf etilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida bunday murojaatlar 17 tani tashkil etgan va isteʼmolchilar foydasiga 16 mln. 376 ming 845 soʻm qayta hisob-kitob qilib berilgan.

Gʻuzorlik Normengli Muhammadiyev ham tibbiyot xodimi. Uning Gʻuzor tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga gaz taʼminoti korxonasi ortiqcha toʻlov hisoblagani haqidagi arizasi mutaxassislar ishtirokida oʻrganib chiqilib, 1 mln. 266 ming soʻmlik ortiqcha toʻlov uning oʻziga qaytarilgan.

Toshkent shahri boʻyicha tibbiyot xodimlaridan kelgan murojaatlardan biriga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz.

Olmazor tumanidagi Markaziy poliklinika bosh shifokori oʻrinbosari A. Aslanov “Poytaxt” avtosaloniga “Lasetti” rusumli avtomashina xarid qilish uchun 123 mln. soʻm toʻlagan. Biroq belgilangan muddat oʻtib ketganiga qaramay, avtosalon shartnoma shartlarini bajarmay kelgan. Bundan norozi boʻlgan A. Aslanov federatsiyaning hududiy organiga ariza bilan murojaat qiladi. Federatsiya xodimlari tomonidan shifokorning murojaati tegishli tartibda oʻrganib chiqilib, isteʼmolchining huquqlari toʻliq taʼminlangan. Avtosalon tomonidan unga qisqa muddat ichida tegishli rusumdagi avtomobil yetkazib berilgan.

Sogʻliqni saqlash tizimida kechayotgan ulkan oʻzgarishlar guvohi boʻlib turibmiz. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bundan keyin ham tibbiyot xodimlarining huquqlari himoyasiga jiddiy eʼtibor qaratib, islohotlar jarayoniga oʻzining munosib hissasini qoʻshishda davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?