SSV: Taniqli ekspert Oʻzbekistonda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda yordamlashmoqda

06:51 10 Mart 2020 Jamiyat
547 0

Arxiv surat

Taniqli ekspert, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda yordamlashmoqda.

“Mixail Favorov Xalqaro vaksina instituti bosh direktorining oʻrinbosari sifatida dunyoda turli infeksiyali kasalliklar, jumladan, papilloma virusi, vabo, gripp, pnevmokokk va meningokok kabi qator ogʻir turdagi yuqumli infeksiyalarning oldini olish, profilaktikasi, tashxisi va uni zamonaviy davolash usullarini qoʻllash borasida katta tajribaga ega taniqli mutaxassis hisoblanadi.

U jahonda emlash dasturlarini samarali taqdim etgan olim sifatida ham taniqli. Shu bois ham yuqumli kasalliklarning ogʻirligini baholash boʻyicha tadqiqotlar, shuningdek, vaksinatsiyalarning maqsadga muvofiqligi va taʼsirini baholash boʻyicha litsenziyalangan klinik emlash sinovlari va uni tatbiq etish loyihalarining faol ishtirokchisi sifatida ham faoliyat yuritib keladi.

Mixail Favorov Amerika mikrobiologiya uyushmasi aʼzosi, Sogʻliqni saqlash va epidemiologiya boʻyicha xalqaro ekspert boʻlib, 40 yillik umrini dunyoning turli hududlarida yuqumli kasalliklarni oʻrganish va oldini olish sohasiga bagʻishlagan. 100dan ortiq dolzarb ilmiy ishlar muallifidir.

U shu kunlarda xalqaro mustaqil ekspert sifatida yurtimizda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida faoliyat olib borayotgan Sogʻliqni saqlash vazirligidagi shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizdagi ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam koʻrsatmoqda”, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?