SSV: shifoxonalarda elektron retsept berish tizimi joriy etiladi

13:36 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
72 0

Prezidentimizning shu yil 6-sentyabrda “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, yurtimizda 2021-yil 1-martdan Elektron retsept berish tizimi mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar Toshkent shahridagi barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarida tashkil etiladigan boʻldi. Shuningdek, 2022-yil 1-martdan boshlab esa ushbu tizim mamlakatimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

– Bu yangilikning ahamiyatli jihati shundaki, bunda shifokorning vaqti tejalishi bilan birga, bemorning turli ovvoragarchiliklarsiz oʻz vaqtida kerakli dorilarni olishiga hamda tizimdagi shaffoflikni taʼminlashga erishiladi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qoʻmitasi raisi Ismatjon Azizov. – Shuningdek, retsept asosida dorilarning aniq meʼyorini va roʻyxatda turuvchi preparatlarning hisobini toʻgʻri olib borilishini taʼminlaydi. Bu esa shifokor, bemor va dorixona oʻrtasidagi oʻzaro uzviy bogʻliqlikni taʼminlab, turli muammo va kamchiliklarni bartaraf etadi.

SSV Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va keyinchalik qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, axborotlashtirish obyektlarini tekshiruvdan oʻtkazish, texnik va loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash “Sogʻliqni saqlash” tarmogʻi uchun ajratiladigan byudjet ajratmalari doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablagʻlari, davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida xususiy sherik mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taʼminlanadi.

Ayni paytda mazkur qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi va manfaatdor tashkilotlar tomonidan Elektron retsept berish tizimini ishlab chiqish, joriy etish va texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tayyorlanmoqda.

Muxtasar aytganda, qaror dori vositalarining noqonuniy muomalasini oldini olish va ularni suiisteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan alohida dori vositalari muomalasini tartibga solish, shuningdek, aholi sogʻligʻini muhofaza qilish orqali har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?