SSV Nishondagi shov-shuvli voqea boʻyicha bayonot berdi: ishga sovuqqonlik bilan yondashgan masʼul xodimlar vazifasidan ozod etildi

09:42 14 Iyun 2019 Jamiyat
370 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Nishon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tugʻruqqa tayyorlash boʻlimida ahvol achinarli ekani, ayollar va bolalar shifoxona yoʻlaklarida yotib davolanayotgani aks etgan material va surat tarqaldi. Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi, deb yozmoqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Bugungi kunda Nishon tumanida istiqomat qilayotgan qirq ming nafardan ziyod fertil yoshdagi ayollarga hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalari orqali tibbiy-profilaktika yordami koʻrsatilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida esa tugʻruq majmuasi, ginekologiya va homiladorlar patologiyasi boʻlimlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Tolimarjon shifoxonasida ham bu maqsadlar uchun sakkizta oʻrin ajratilgan.

— Vaziyat oʻrganilganda, tuman tugʻruq boʻlimi, homiladorlar patologiyasi va ginekologiya boʻlimlarida yoʻlakda yotib davolanayotgan bemorlar aniqlanmadi, — deydi Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Shavkat Amirov. — Biroq, yuqoridagi holat boʻyicha oʻtkazilgan surishtiruvlar jarayonida haqiqatan ham 11-iyun kuni bemorlar boʻlimdagi oʻrinlariga joylashguniga qadar oʻzlari va yaqin qarindoshlari yerga joy toʻshab yotib olgani maʼlum boʻldi.

Bunday jiddiy kamchilikka yoʻl qoʻygani, oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va boʻlimda nazoratni susaytirgani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari M.Xalilova, Tugʻruq majmuasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi N.Sazanbayevalar vazifasidan ozod etildi. Homiladorlar patologiyasi boʻlimi vrachi B.Esanovaga esa intizomiy jazo qoʻllanilib, oʻrtacha ish haqining oʻttiz foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Shifoxonada qatʼiy nazorat oʻrnatmagani, bunday muammolarning oldini olish boʻyicha oʻz vaqtida zarur chora-tadbirlarni koʻrmagani uchun tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Yo.Shonazarov ogohlantirildi. Tuman tibbiyot birlashmasi tizimida kelgusida bunday muammolar kelib chiqmasligi, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?