SSV: Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dorilarning aylanishi qatʼiy tartibga solinadi

11:40 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
135 0

Soʻnggi paytlarda jamoatchilikni ayrim fuqarolar, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kuchli taʼsir etuvchi moddalarni notibbiy maqsadlarda isteʼmol qilinishi holatlari tashvishga solib kelayotgan edi. Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori esa bunday salbiy holatlarga barham berishda, yaʼni dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiisteʼmol qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sogʻligʻini saqlashni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Qarorga koʻra, 2019-yil 1-dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinadi hamda ularning chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar va giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud boʻlgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qoʻmitasi raisi Ismatjon Azizov. – Shuningdek, shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga qatʼiy barham beriladi. Bu jarayonda tekshirishlar Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tashkil etiladi.

Endilikda kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi takliflari asosida kiritib boriladi.

Yana bir eʼtiborli jihati, Sogʻliqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalarining notibbiy maqsadlarda isteʼmol qilinishi ustidan doimiy monitoring olib borishi va zarur hollarda ekspert guruhiga tegishli takliflarni kiritish choralarini koʻrib boradi. Bunda ikki oy muddatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirishga oid, shu jumladan, retsept boʻyicha dori vositalarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash ham nazarda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?