SSV: Koronavirus infeksiyasi bilan kurashda xitoy tajribasi oʻrganilmoqda

14:29 21 Mart 2020 Jamiyat
238 0

Maʼlumki, qatʼiy chora-tadbirlar tufayli Xitoy Xalq Respublikasi koronavirus infeksiyasini jilovlashga muvaffaq boʻlmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan COVID-19 koronavirus infeksiyasining oldini olishdagi profilaktik choralar va davolash borasidagi tajribalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi tashkil etildi.

Unda Oʻzbekistondan tashqari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka, Nepal, Afgʻoniston, Hindiston va Ukraina kabi qator davlatlarning vakillari ham ishtirok etdi.

Videoselektor davomida xitoylik mutaxassislar tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda koʻrilgan qatʼiy profilaktik choralar, ushbu virusni davolash va oldini olishdagi faoliyat amaliy misollar bilan batafsil tushuntirildi.

Jumladan, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarni zudlik bilan izolyatsiyaga olib, davolash choralarini koʻrish, ushbu virusga gumon qilinganlarni esa darhol karantinga olish, aholini oʻrnatilgan tartib intizomga soʻzsiz rioya qilishi, shifokorlarning tavsiyalariga asosan, odamlarning shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilishlarini taʼminlash choralari koronavirus infeksiyasini davolash va tarqalishining oldini olishda alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Eʼtiborli tomoni, yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida xitoylik mutaxassislar tomonidan qayd etilgan barcha zarur choralar vaqtida va muntazam amalga oshirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Xitoyda Xubey provinsiyasidan tashqarida boʻlgan shifoxonalarda yangi turdagi koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning soni 282 kishigacha kamaygani, mamlakatda davolangan bemorlar 87,9 foizni tashkil qilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar 37 nafarni tashkil etmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?