SSV: “Filial hududida bemorlarning yaqinlari tayyor, toza va zamonaviy kutish joylardan koʻra, koʻrpa-toʻshak qilib, yerda oʻtirishni afzal koʻrmoqda”

20:32 08 Avgust 2019 Jamiyat
165 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filialidagi holat aks etgan fotomaterial Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha oʻrganilib, quyidagilarni maʼlum qiladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filialida jami 2056 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritib keladi. Ayni paytda ushbu muassasada 3 ta reanimatsiya boʻlimi tashkil etilgan boʻlib, mamlakatimizdagi eng zamonaviy va sanitariya qoidalariga javob beradigan maskanlar sirasiga kiradi. Xususan, 36 ta reanimatsiya oʻrin joylarida kunu-tun ishlaydigan 9 nafar tajribali vrach, 18 nafar malakali oʻrta tibbiyot xodimi hamda 12 nafar kichik tibbiyot xodimlari navbatchiligi tashkil etilgan.

Koʻrinib turibdiki, avvalo, bemorlarning qarindoshlari shifoxona hududida kutib turishlari uchun uncha ehtiyoj yoʻq. Shuningdek, filial hududida bemorlarning qarindoshlari kutib turishi uchun oʻrindiqlar, maxsus zamonaviy ayvon mavjud. Koʻpgina qulayliklarga ega, aloqa vositalari bilan taʼminlangan maxsus kutish zali xam tashkil etilgan.

Afsuski, filial hududida bemorlarning yaqinlari tayyor, toza va zamonaviy kutish joylardan koʻra, koʻrpa-toʻshak qilib, yerda oʻtirishni afzal koʻrmoqda. Bu ham yetmagandek, muassasaga tez yordam mashinalarining qatnoviga, turli avtotransportlarning kirishiga xalaqit bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda aks etgan, koʻchada yotgan fuqarolarga tinchgina uylariga borib, telefon orqali yaqinlari holidan xabardor boʻlishi yoki maxsus ajratilgan joylarda dam olishlari mumkinligi haqida koʻp bora tushuntirilmoqda.

Fuqarolarning bunday harakatlari bemorlarga yordam bermaydi, aksincha, ularning sifatli davolanishiga xalaqit berish bilan bir qatorda, tibbiyot muassasasi hududida sanitariya qoidalari buzilishiga ham sabab boʻladi. Shu bois, Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolardan nafaqat Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filiali, balki boshqa tibbiyot muassasalari hududlarida ham maxsus joylarda kutishlarini, sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qoladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, davlatimiz tomonidan aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2019-yilda Investitsiya dasturi doirasida Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash tizimidagi jami 14 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ayni paytda 10 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlangan. Yil yakuniga qadar qolgan obyektlarda ham ishlar yakuniga yetkaziladi. Tabiiyki, ushbu saʼy-harakatlar aholini sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat bilan qamrab olish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?