SSV: Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun 3 yillik imtiyozli davrga kreditlar ajratiladi

19:30 13 Avgust 2019 Jamiyat
100 0

Illyustrativ foto

Soʻnggi ikki yil ichida mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 1500 taga koʻpayib, hozirda ularning soni 5100 taga yetdi. Ayni paytda tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, investorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik tizimi joriy etilmoqda.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tibbiyot sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida taʼkidlab oʻtildi. Unda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Nizomov va Li Dong Uklar ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2019-yil 16-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019-yil 10-maydagi “Davlat xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni bu sohadagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Ushbu hujjatlarga koʻra sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari davlat va xususiy sherik oʻrtasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat koʻrsatish kabi shakllarni birlashtirish orqali amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qoʻyildi.

— Ushbu loyihalarni amalga oshirish doirasida sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiya kiritadigan investorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan imtiyozli kreditlash koʻzda tutilgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshligʻi Kamolxoʻja Eshnazarov. — Unga koʻra, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tijorat banklari tomonidan 200 million AQSH dollariga teng boʻlgan imtiyozli kreditlar 3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 8 yilgacha boʻlgan muddatga qayta moliyalashtiruvchi bankning marjasi bilan birga yillik 1,0 foiz miqdorida amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, yuqorida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, sohada birlamchi ahamiyatga ega yoʻnalishlardan biri boʻlgan gemodializ xizmatini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihaga qariyb 10 million AQSH dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritilishi belgilangan.

Hozirgi kunda ana shu yangi tizim asosida gemodializ, onkologiya, reabilitatsiya va koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini tashkil etish, markazlashgan laboratoriya xizmatlari, elektron sogʻliqni saqlash tizimini, shuningdek, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tibbiyot klasterini yaratish rejalashtirilgan va ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish Agentligi bilan birgalikda tegishli ishlar olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan tashqari, davlat tibbiyot muassasalarining asosiy eʼtiborini davolash ishlariga qaratish orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida, tibbiyot muassasalarini qoʻshimcha va yordamchi funksiyalarini tadbirkorlarga autsorsing asosida oʻtkazish rejalashtirilgan.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish orqali davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish uchun imkoniyat yaratib beradi.

Bu esa tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning oʻzida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyati, yaʼni qaysi tibbiyot muassasasida davolanish maʼqul kelsa, oʻsha shifoxonaning xizmatlaridan foydalanishga keng yoʻl ochadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?