SSV Bosh transplantologii: Aholiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligi oshadi

16:44 26 Iyul 2018 Jamiyat
172 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Nefrologik kasalliklar so‘nggi vaqtlarda “yosharib” borayotgan va aholi orasida ko‘p kuzatilayotgan xastaliklardir. Ular, asosan, mehnatga layoqatli kishilarda uchraydi. Belgilari tezda namoyon bo‘lmasligi mumkin, biroq terminal buyrak yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi bilan xavflidir.

Qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi nefrologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashda faqatgina ikki usul samaralidir: birinchisi, programmali gemodializ, ikkinchisi, buyrak transplantatsiyasi.

Mamlakatimizda hozirgi kunda 2 ming 600 ga yaqin buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichidagi bemorlar bor. Afsuski, ularni davolashda zamonaviy usullardan to‘la foydalana olmayapmiz. Respublika va barcha viloyat tibbiyot muassasalarida nefrologik kasalliklarga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramay, ularning turmush sifatini yaxshilashni ta’minlaydigan shart-sharoitlar zamon talablariga mos emas. Jumladan, yurtimiz tibbiyot maskanlarida gemodializ olish uchun o‘rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, gemodializ bo‘linmalarining yarmidan ortig‘i moslashtirilmagan xonalarda joylashgan, zarur moslamalar va mashinalarning belgilangan foydalanish muddati o‘tib ketgan.

Bemorlarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishning samarali tizimi yaratilmagani kasallikni barvaqt aniqlash va uning oldini olishda turli kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Prezidentimizning shu yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish, tarmoqda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan.

Qaror ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot ta’lim muassasalari klinikalari, ko‘p tarmoqli shifoxonalarning yetakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Bemorlarga tashxis qo‘yish va ularni gemodializga yuborish jarayonining xalqaro amaliyotga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishi, yurtimizda surunkali buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lganlar hisobini yuritish va ularning monitoringini olib borishning yagona elektron registri joriy etilishi nefrologik kasalliklarni davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.

Aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining tasdiqlangani bu borada ko‘zda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tashkil etilishi, ayniqsa, mamlakatimiz hayoti va tibbiyotida katta voqelikdir. Mazkur dargoh nafaqat joylardagi muassasalarni uslubiy jihatdan zarur materiallar bilan ta’minlaydi, balki sohada ilm-fanni rivojlantirishga, davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga hissa qo‘shadi.

Markazdagi gemodializ apparatlarining umumiy soni 40 taga (shulardan 10 tasi bolalar gemodializi bo‘limi uchun) va bemorlarning statsionar ravishda davolanishi uchun o‘rinlar soni 170 taga oshirilishi mamlakatimizning turli hududlaridan davolanishga muhtoj bo‘lib kelayotgan yurtdoshlarimizga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam berishga asos yaratadi. 20 o‘ringa mo‘ljallangan buyrak transplantatsiyasi bo‘limining ochilishi hafta davomida 4-5 nafar bemorga buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajarishga, bu esa yillar davomida gemodializ muolajasini olayotganlar sonini qisqartirish va unga muhtojlarning tezroq bu muolajaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yordam beradi.

Bugungi kunda shifoxonamizda keng ko‘lamli rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib borishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Atrof obodonlashtirilyapti.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasi tashkil etiladi, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalishlari ochiladi. Bu sohaning og‘riqli muammosi — kadrlar masalasini samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markazda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, bilimini boyitgan, malakasini oshirgan shifokorlar zamonaviy dunyo standartlari va protokollariga mos muolajalar hamda operatsiyalarni o‘tkaza olishiga ishonamiz.

Prezidentimiz karorining yana bir muhim jihati, “O‘zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotining tuzilishidir. Gemodializ muolajasini olishga majbur bo‘lib qolgan bemorlarning birdaniga sarosimaga tushishini hammamiz tushunamiz. Tashkilotning asosiy vazifalaridan biri bunday bemorlarni ruhiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatish, davolashning zamonaviy uslublarini amaliyotga kiritishdan iboratdir.

Xalqaro hamkorlikning kuchaytirilishi chet el yetakchi klinikalarining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan yurtimizda o‘quvlarni tashkil etish, yosh kadrlarimizning esa bu klinikalarda tajribasini oshirib qaytishiga imkon yaratadi.
Ulug‘bek YULDASHЕV,
Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh transplantologi,
Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi
buyrak transplantatsiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?