S.Safoyev: “Oʻtgan yil butun dunyodagi iqtisodiy oʻsish tendensiyasi oxirgi oʻn yildagi eng past koʻrsatkichni koʻrsatdi. Bu, shubhasiz, Oʻzbekistonga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qoʻymaydi“

17:35 24 Fevral 2020 Siyosat
257 0

Alixan Utarbekov

Bugun Kongress-xollda Xalqaro press-klubning tashqi siyosatiga bagʻishlangan navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari, Tashqi savdo va investitsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi ishtirok etishmoqda.

Tadbirda bildirilgan ayrim dolzarb fikrlar bilan tanishtirib oʻtamiz.

Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari:

- Globallashuvning eng asosiy jihati bu bogʻliqlikdir. Agar buni qaysi davlat tushunib yetsa, boshqa davlatlar bilan ochiqlik siyosatini olib boradi.

… Yiliga terroristik harakatlardan dunyo boʻylab 24 ming odam halok boʻlmoqda. Bu mojarolar bitta yoki ikkita davlatga emas, balki juda koʻp davlatlarga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

… Oʻtgan yil butun dunyodagi iqtisodiy oʻsish tendensiyasi oxirgi oʻn yildagi eng past koʻrsatkichni koʻrsatdi. Bu, shubhasiz, Oʻzbekistonga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qoʻymaydi.

… Oʻtgan yili Prezident ishtirokida 18 ta oliy darajadagi uchrashuv tashkil etildi. Bular haqida siz OAV dan bilib olmoqdasiz. Biroq, bu jarayonlarning barchasi nihoyatda mashaqqatlidir. Ushbu uchrashuvlar ortida minglab tahlillar, xulosalar va natijalar yotadi.

… Afgʻonistonda tinchlikning oʻrnatilishi Oʻzbekistonning geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan yangi bosqichga chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.

... AQSHning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi Oʻzbekistonning tashqi siyosat maqsadlariga mos keladi.

... Koronavirus — bu nihoyatda jiddiy muammo. Albatta, ushbu xastalik boshqa davlatlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Biz ham mart oyida investitsiya forumi oʻtkazmoqchi edik. Buni keyinga qoldirishga majbur boʻldik.

Shuningdek, Senat Raisining birinchi oʻrinbosari “Bizda ayollardan ham elchilar boʻladimi? degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Nimagadir shu haqda gap ketganda, koʻpchilik jilmayib qoʻyadi. Lekin bu nihoyatda jiddiy savol, jiddiy masala.

Bu haqda davlatimiz rahbarining ham alohida topshiriqlari bor. Yaʼni, Oʻzbekiston ayollaridan ham eng yuqori saviyadagi diplomatlarni tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berilgan.

Bu masala koʻrib chiqilyapti. Umid qilamizki, yaqin orada ayol diplomatlarimiz ham boʻladi”.

Ilhom Neʼmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari:

— Joriy yil, tashqi siyosatda turli xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimizni yanagi bosqichga olib chiqishni reja qilganmiz.

… Davlat rahbari Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyani qabul qilish taklifini bergan edilar. Ayni vaqtda shu masala ustida ishlamoqdamiz.

Akmal Burhonov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi:

- Ilgari Oʻzbekiston haqida xorijiy OAVda maʼlumot chiqsa, faqat salbiy boʻlar edi. Hozir esa, ijodiy xabarlarni koʻrmoqdamiz. Bu Oʻzbekiston imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatish bilan birga, islohotlarimiz haqidagi xolis baho hamdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?