Sportchilarimizning yorqin natijalari

13:31 05 Avgust 2019 Sport
200 0

Ruminiyaning Puteshti shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati oʻz nihoyasiga yetdi.

Ikki kun avval 200 metr masofada kanoening juftlik yoʻnalishida gʻalaba qozongan vakillarimiz Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova 5-avgust kuni muvaffaqiyatli suzishlarini davom ettirdilar.

Ular 500 metr masofaga oʻtkazilgan poygada kumush medalni qoʻlga kiritishdi. Mazkur yoʻnalishda rossiyalik sportchilar birinchi, vengriyaliklar ikkinchi oʻrin sohiblariga aylanishdi.

Shunday qilib, Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur jahon chempionatini 2 ta oltin va 1 ta kumush medali bilan yakunlab, umumiy hisobda beshinchi natijani qayd etdi.

Bolgariyaning Sofiya shahri mezbonlik qilgan sport kurashlari boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionati ham bu borada esda qolarli boʻldi.

Uning soʻnggi kunida yunon-rim kurashi boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi. 45 kilogrammgacha vazn toifasida Asadbek Bahromov kumush medal oldi.

Umuman olganda, mazkur nufuzli turnirda vakillarimizdan Umidjon Jalolov (erkin kurash, -55 kg.) shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan boʻlsa, Kamronbek Qadamov (erkin kurash, -48 kg., kumush), Asadbek Bahromov (yunon-rim kurashi, -45 kg) finalda imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Abror Atabayev (yunon-rum kurashi, -55 kg.), Mushtariy Tolipbekova (qizlar kurashi, -40 kg.), Sitora Tolipbekova (qizlar kurashi, -46 kg.), Rushana Abdukarimova (qizlar kurashi, -65 kg.) esa musobaqalarni uchinchi natija bilan yakunladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?