Sportchilarimiz medallari sonini 31 taga yetkazdi

10:05 28 Avgust 2018 Sport
265 0

Kecha, 27 avgust kuni Indoneziyada boʻlib oʻtayotgan Osiyo oʻyinlarining toʻqqizinchi kunida oʻzbekistonlik sportchilar uchta medal qoʻlga kiritishdi. Bu haqda MOQ matbuot axborot xizmati xabar berdi.

Karate boʻyicha -50 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahriniso Babayeva musobaqa davomida Filippin, BAA hamda Tailand vakillarini magʻlubiyatga uchratib finalga yoʻl oldi. Hal qiluvchi jangda esa Xitoy Taypeyi sportchisi Shiashuang Guga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medalga sazovor boʻldi.

Badiiy gimnastikaning jamoaviy bahslarida ishtirok etgan qizlarimiz (Sabina Tashkenbayeva, Nuriniso Usmonova, Dildora Rahmatova va Asal Ikromova) umumiy hisobda 155,3 ball toʻplab, ikkinchi natijani qayd etishdi va yakunda kumush medalni delegatsiyamiz hisobiga qoʻshib qoʻyishdi.

Ogʻir atletikada +105 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Rustam Djangabayev dast koʻtarishda 203, siltab koʻtarishda esa 252 kg. toshni oʻziga boʻysundira oldi. Umumiy hisobda 455 kg. natija koʻrsatgan hamyurtimiz yakunda bronza medali egasiga aylandi.

Osiyo oʻyinlarining toʻqqizinchi kuni yakunlariga koʻra, terma jamoamiz sportchilari 31 ta medalni qoʻlga kiritishgan. Hamyurtlarimiz ayni paytda 6ta oltin, 13 ta kumush va 12 ta bronza medallariga ega chiqqanlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?