Sportchi bilan bog‘liq noxush holatlar ro‘y bersa, uni nazorat qilmagan murabbiyning litsenziyasi olib qo‘yiladi

14:08 14 Avgust 2018 Sport
543 0
Arxiv foto

13 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida profilaktik yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qilmoqda Toshkent shahar IIBB.

Profilaktika tadbirida sportchilarni to‘g‘ri yo‘nalishda tarbiyalash, ularning turli qing‘ir yo‘llarga kirib ketishini oldini olish, bu borada sport federatsiyalari va murabbiylar mas’uliyatini oshirish lozimligi qayd etildi.

Sportchida yuzaga keladigan noxush holatlar uchun federatsiyalar va murabbiylar mas’ul ekanligi, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi aytildi. Bordiyu, kelajakda sportchi bilan bog‘liq noxush holatlar ro‘y beradigan bo‘lsa, uni nazorat qilmagan murabbiyning litsenziyasini olib qo‘yish jazosi ham qo‘llanilishi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida shuningdek, sportchilar terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng o‘z holicha tashlab qo‘yish kerak emasligi, ularga murabbiylik bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratib, kelajakda yangidan-yangi chempionlarni tarbiyalash lozimligi aytildi.

Yig‘ilish yakunida tajribali murabbiylar sportchilarni nazoratsiz qoldirish, ma’naviy qoloqlikda tarbiyalash yomon holatlarga sabab bo‘lishi haqida turli voqealarni gapirib berishdi. Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yoqimsiz hodisalarni oldini olish borasida o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?