Sport vaziri aholi bilan birga badantarbiya mashqlarini bajardi (foto)

16:17 05 Oktyabr 2018 Sport
1068 0

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha namunaviy hudud sifatida tanlab olingan boʻlib, turli sport tadbirlari, musobaqalar va targʻibot ishlari samaradorligi tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda “Yoshlar haftaligi”, “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Mahalla haftaligi”, “Nuroniylar haftaligi” kabi shiorlar ostida ommaviy tadbirlar oʻtkazish vazifasi berilgan edi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Shunday haftaliklardan birinchisi boʻlgan “Yoshlar sport haftaligi” Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlarida namuna tarzida tashkil etildi. Haftalik davomida sportning shaxmat-shashka, badiiy gimnastika, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, badminton turlari boʻyicha oʻyinlar tashkil etilib, ularda 200 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, haftalik doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham ishtirok etib, haftaliklarda ishtirok etuvchilar qamrovini kengaytirish uchun samarali mexanizmlar qoʻllanilishi lozimligi, mazkur hududda toʻplangan tajriba asosida respublikaning barcha hududlarida haftaliklarni tashkil etilishini taʼkidladi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Dilmurod Nabiyev respublikada aholi uchun mavjud sport inshootlaridan istalgan payti foydalanish imkoniyatining yaratilish holatini ham oʻrgandi. Jumladan, Nukus shahridagi sport inshootlarida barcha yoshdagi insonlar uchun tashkil etilgan badantarbiya mashqlarini kuzatdi va oʻzi ham ular bilan birgalikda bajardi. Vazir mahallalardagi sport bilan oshno boʻlgan yoshi ulugʻ insonlar bilan ham suhbatlashib, ularning aholini, ayniqsa, yoshlarni sportga qiziqtirish boʻyicha fikrlari bilan qiziqdi.

Prezidentimiz tomonidan respublikamizning eng chekka hududlarida ham sport bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoit yaratish, uni ommalashtirish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, tashrif davomida vazir D.Nabiyev Qoraqalpogʻistonning eng olis hududi boʻlgan Qoʻngʻirotdagi “Qoraqalpogʻiston” shaharchasi (Karakalpakiya)ga borib mavjud sport inshootlarining holati bilan tanishdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yakunda mahalliy hokimliklar mutasaddilari, hududiy boshqarma va sport taʼlimi muassasalari rahbarlar bilan jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, ommaviy tadbirlar koʻlamini kengaytirish va eng chekka hududlarda ham inshootlar qurish ham mavjudlarini taʼmirlash boʻyicha vazifalar belgilab olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?