Sport maktablarida ovqatlanish autsorsing asosida tashkil etiladi

11:22 29 Oktyabr 2018 Sport
971 0

Jismoniy tarbiya va sport vazirining 15 oktyabrdagi buyrugʻi bilan ayrim ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida autsorsing asosida ovqatlanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom va autsorsing asosida ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha namunaviy shartnoma tasdiqlandi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Unga koʻra, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida oʻquvchilar olti oʻquv kunida besh mahal, yakshanba (bayram kunlari) kuni esa uch mahal ovqatlantiriladi.

Dastlab sinov tariqasida Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, Urganch, Fargʻona hamda Termiz ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida autsorsing asosida ovqatlantirish joriy etildi.

Bunda xizmat koʻrsatish istagini bildirgan korxonalar oʻrtasida tanlov oʻtkazish yoʻli bilan taʼlim muassasasi oshxonasi ijaraga beriladi. Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi (retsepturasi)ni belgilovchi namunaviy roʻyxatga asosan taomlar tayyorlanadi. Ovqatlanishning kunlik menyu ratsioni vrach-diyetolog tomonidan ishlab chiqilib, maktab-internat direktori bilan kelishiladi hamda autsorserga taqdim etiladi.

Autsorsing boʻyicha haq toʻlash shartnoma tuzilishi sanasida oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi oʻrtacha bozor narxlari boʻyicha (mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan narxlardan yuqori boʻlmagan holda) bir ovqatlanuvchiga tegishli kontingent uchun ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati sutkalik oziq-ovqat normasidan kelib chiqib oʻrnatiladi. Bunda umumiy ovqatlanish korxonalariga haq toʻlash barcha xarajatlarni (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari va boshqalar) oʻz ichiga oladigan 20 foizgacha ustama haq hisobga olinadi. Misol uchun Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga 1 nafar oʻquvchining bir kunlik ovqatlanishi uchun oʻrtacha 28 ming soʻm ajratilgan.

Tayyor va zaxiradagi oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirish, tayyorlash retsepti va texnologik rejimga rioya etilganligini aniqlash maqsadida maktab-internat va autsorser vakillaridan iborat boʻlgan mahsulotlarni sifatiga qarab saralash (brakeraj) komissiyasi tuziladi. Oshxona faoliyat koʻrsatish samaradorligi, xizmat koʻrsatish darajasi oʻquvchilar va ota-onalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi. Bundan tashqari ota-onalar yigʻilishlarida oʻquvchilar uchun tayyorlanayotgan sifati va ovqatlanishni tashkil etishda koʻrsatilayotgan xizmatlar toʻgʻrisida taqdimot va koʻrgazmalar oʻtkaziladi.

Ushbu muassasalarda toʻplangan tajriba va oʻtkazilgan sinovlar natijadorligidan kelib chiqib, autsorsing xizmati kelgusida vazirlik tizimidagi barcha taʼlim muassasalarida joriy etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?