Sport inshootlarining qurilishini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi

17:10 13 Noyabr 2018 Sport
213 0

Jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirligi tomonidan respublikamizdagi barcha sport inshootlari haqidagi ishonchli maʼlumotlar jamlangan onlayn tizim yaratildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 20 sentyabr kuni Oʻzbekiston respublikasi Prezidenti tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda sohaning oldida turgan vazifa va muammolar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtilib, sport obyektlarini qurishda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish vazifalari belgilangan edi.

Shunga muvofiq, bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal tatbiq etilmoqda hamda bu borada vazirlikning stat.sport.uz domeni ostida axborot tizimi ishlab chiqildi.

Ushbu tizim orqali ayni vaqtda Respublikamiz hududlarida qurilish-taʼmirlashda obyektning shartnoma qiymati, moliyalashtirilgan mablagʻlari, bajarilgan ishlar xajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek har bir amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fotosuratlar hamda izohlarni onlayn kuzatib borish imkoniyatidan foydalanish mumkin.

Shu bilan birga ushbu tizim orqali Respublika investitsiya dasturi hamda Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlarning kunlik monitoringi;

Respublikada faoliyat koʻrsatayotgan barcha sport inshootlari va muassasalari haqida maʼlumot;

- Respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar, taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining (instruktor) sifat tarkibi monitoringi va tahlili haqida maʼlumotga ega boʻlish mumkin.

(https://stat.sport.uz) monitoring tizimi viloyat va tumanlardagi ishlarning borishini kuzatish, taʼmir va qurilish ishlari rejalarining bajarilishi boʻyicha hududlar reytingini tuzishga imkon yaratadi.

Sport inshootlarining qurilish-taʼmirlanishida har bir amalga oshirilgan ishlari yuzasidan fotosuratlar hamda izohlar joylashtirib borilishi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning nechogʻlik shaffofligi va natijadorligini beradi.

Shuningdek, kelajakda mazkur axborot tizimini yanada boyitish maqsadida ommaviy sport tadbirlari, xalqaro musobaqalar va turnirlar, jahon va Osiyo chempionatlarini oʻtkazish rejalari hamda ularning tahliliy natijalari toʻgʻrisidagi qiziqarli maʼlumotlarni joylab borish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?