Spiker oʻrinbosari Xorazm viloyatiga bordi. Natijalar qanday boʻldi?

19:55 20 Sentyabr 2020 Jamiyat
176 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov pandemiya davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatiga bordi.

Spiker oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruhning dastlabki manzili Gurlan tumani boʻldi.

Tumandagi Birlashgan qishlogʻi, Nukus mahallasida joylashgan «Maxsud-Manzura» tomorqa xizmati klasteri joriy yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, ayni paytda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, issiqxonalar qurib berish orqali tomorqachilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda.

Klaster rahbari Maxsud Bekmanov hozirda Xitoy texnologiyasi asosida zamonaviy issiqxona qurish ishlarini boshlab yuborgan. Issiqxona asosan koʻchatchilikka ixtisoslashgan boʻlib, aholiga arzon narxda pomidor, bodring, baqlajon kabi poliz ekinlari koʻchatlari, turli gul va daraxt koʻchatlarining yangi navlari yetishtirib beriladi.

Shuningdek, tadbirkor mazkur hududning 30 sotix yer maydonida sutni qabul qilish va qayta ishlash sehi tashkil etmoqchi.

A.Xaitov mazkur klaster faoliyati bilan tanishar ekan, tadbirkorga binoni 2 qavat qilib qurish, uning 1-qavatida sut ishlab chiqarish sehi va koʻchatchilik doʻkoni, 2-qavatida esa tikuvchilik sehi tashkil qilish boʻyicha zarur tavsiyalar berdi.

Mazkur klasterda yana parranda, tovuq va baliqlarga beriladigan yem (granulalar) ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyiladi. Qolaversa, 200 tonnalik muzlatkich qurilib, 35 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

“Umid Gulshani” koʻchasida yashovchi Gavhar opa Matkarimova 5 nafar farzandi bilan oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, yaxshigina daromad topib kelayotgan omilkorlardan. U 8 sotix tomorqasidan yiliga 3 marotabagacha hosil oladi. Dastlab kartoshka, piyoz, bodring, pomidor, koʻkatlar, qovun, tarvuz ekib, keyin ularning oʻrniga 2-ekinga sholi, sarimsoq piyoz, bugʻdoy, turup, sholgʻom mahsulotlarini yetishtiradi.

Spiker oʻrinbosari mazkur uchrashuvi doirasida ushbu xonadonda ham boʻlib, xonadon egalariga 1 sotix yer maydonida subsidiya asosida issiqxona qurib berib berish taklifini bildirdi. Tomorqasiga suv yetib kelmagani sababli bu yil pomidor va bodringlar yaxshi hosil bermagani, ayrim mevali daraxtlarga ziyon yetgani inobatga olinib, davlat subsidiyasi asosida ushbu xonadonga 1 ta skvajina qurib beriladigan boʻldi.

Suhbat va muloqotlar chogʻida A.Xaitov “Tomorqa xizmati” klasteri rahbari Maksud Bekchanovga Nukus mahallasidagi mavjud 50 ta xonadonning har biriga 0,5 sotixdan issiqxona qurib berish taklifini ilgari surdi. Bu bilan mahallada “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyilini qoʻllagan holda ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni tomorqa xizmatining oʻzi sotib olib, kooperatsiya tashkil qilinishiga, bu bilan pandemiya sharoitida nafaqat aholi bandligini taʼminlashga, balki ularning oilaviy daromadini oshirishga ham katta yordam berishini qayd etdi.

Ayni damda dalalarda qiygʻos ochilgan oq oltin-mamlakatimizning har bir hududida koʻrkam qiyofa kasb etmoqda. Zero, Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda paxta tolasi katta ahamiyatga ega.

Xalq vakili tumanning «Xabibullo meros» fermer xoʻjaligidagi paxta dalasida ham boʻlib, u yerda mehnat qilayotgan terimchilar bilan suhbatlashdi.

–Kuni kecha 180 kg paxta terib topshirdim. Hosil juda yaxshi, terim pullarini ham oʻz vaqtida olyapmiz. Bugun 200 kg paxta terish harakatidaman, – deydi ilgʻor terimchilaridan biri Nasiba Sapayeva.

A.Xaitov shu kabi ilgʻor terimchilarga vatanimiz taraqqiyotiga qoʻshayotgan ulkan hissalari uchun oʻz minnatdorchiligini bildirib, ularga sovgʻa-salomlar ulashdi.

Ishchi guruh Guliston madaniyat markazida

Guliston Madaniyat markazi bugungi kunda yoshlarni turli sohalardagi toʻgarak va sport mashgʻulotlariga keng jalb qilib kelmoqda. Ishchi guruh aʼzolari ushbu markazda boʻlib, u yerda yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Mazkur markaz 2018-yil “Obod qishloq” dasturiga kapital rekonstruksiya qilish boʻyicha kiritilib, 2019-yil may oyida ishga tushirildi. Hozirda Navroʻz, Doʻstlik, Shangʻi, Oʻyilma, Besh uy mahallalarining 15ming 416 nafar aholisiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Markazda doira, rubob, raqs, badiiy oʻqish, tasviriy sanʼat toʻgaraklari mavjud boʻlib, ularga bugungi kunda 487 nafar yoshlar jalb qilingan.

Shuningdek, ushbu markazda zamonaviy tipdagi 250 oʻrinli konsert zali, tikuvchilik xonasi, kutubxona, ayollar va erkaklar sartaroshxonalari, oshxona aholi xizmatida.

Gulmira Aminova oʻzi talaba boʻlishiga qaramay markazda «Xudaybergan tekstil» kooperatsiya shaklidagi MCHJ tashkil qilib, mahallasidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan boquvchisiz va ehtiyojmand ayollarga tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda.

Ayni kunda 15 nafar xotin-qizlar mazkur kooperatsiyada ish boshlagan boʻlsa, endilikda ayollar bandligiga koʻmaklashish maqsadida yosh tadbirkor ana shunday ayollarni koʻproq jalb qilish, tikuvchilik sohasini yana-da rivojlantirish harakatida.

Mazkur MCHJda ayni paytda tuman klasterlari taklifiga asosan 3000 ta peshkil tikilayotgan boʻlsa, yana 1000 ta futbolka tikishga shartnoma qilingan. Endilikda yosh tadbirkor maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun choyshablar, bolalar kiyimlarini ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

A.Xaitov korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda mehnat qilayotgan ishchilar bilan muloqot qildi. Tadbirkorni istiqbolli loyihalarini qoʻllab-quvvatlab, ularni roʻyobga chiqarishga deputatlar va partiya faollari doim tayyorligini bildirdi.

Yangiariq mahsulotlari Yevropaga eksport qilinadi

Parlament quyi palatasi Spiker oʻrinbosari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruhning viloyatdagi uchrashuvlari Yangiariq tumanida joylashgan “Yangiariq tomorqa xizmati” MCHJ tomorqachilik klasterida davom etdi.

Masharif Bekchanov rahbarlik qilib kelayotgan mazkur klasterda ayni damda meva va sabzavotlarni qayta ishlash sehi, 110 tonnalik sigʻimga ega muzlatkich, 4 sotix maydonda issiqxona, 10 ming joʻja chiqarishga ixtisoslashgan 2 ta inkubator, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish hamda sutni qayta ishlash sehlari faoliyat yuritmoqda.

— Qachon Xorazmga kelsam, albatta Masharif aka bilan uchrashaman. Har gal kelganimda ularning faoliyatida qandaydir yangilik va yangi gʻoyalarning guvohi boʻlaman. Bu kabi ilmli va tajribali, yangilikka intiluvchi, xalq gʻamida yashovchi insonlar kam. Xorazmliklar bu tadbirkordan oʻrnak olsa, ularning salohiyatidan foydalansa arziydi, — dedi A.Xaitov.

Mazkur klasterdagi meva va sabzavotlarni qayta ishlash syehida chiqarilayotgan tabiiy sharbatlar bugungi kunda Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda. Oʻtgan yili 2300 AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilishga erishgan tadbirkor joriy yilda 5000 AQSH dollariga yetkazish harakatida.

Klaster faoliyati bilan yaqindan tanishgan ishchi guruh aʼzolari har bir yoʻnalishda samarali faoliyat olib borayotgan, buning ustiga yana katta loyihalarga qoʻl urayotgan tadbirkor faoliyatidan juda mamnun boʻldilar. Oʻz navbatida, tadbirkorning muammo va takliflari ham oʻrganildi.

Uchrashuv davomida tadbirkor tuman hokimidan joʻjalarini hududdagi tadbirkorlarga sotilishida, ular bilan hamkorlikni kuchaytirishda amaliy koʻmak soʻradi. Tuman hokimi tadbirkor taklifini qoʻllab-quvvatlab, bu masalada yordamga tayyorligini bildirdi.

Ishchi guruh rahbari A.Xaitov esa tadbirkorga qoʻshimcha yer maydoni ajratish orqali zamonaviy koʻchatchilikni rivojlantirish, shuningdek, klaster yonidagi boʻsh turgan yerni ham tadbirkorga ajratib berib, bu hududda ham zamonaviy issiqxona qurish lozimligini taʼkidladi.

Shuningdek, joʻja chiqarishni toʻxtatmaslik, hokim bilan tadbirkor hamkorlikda ehtiyojmand aholini band qilishda ularni parrandachilik bilan shugʻullanishga oʻrgatish, yoshlarni mazkur klasterga jalb qilgan holda tadbirkorlikka qiziqtirish kerakligini qayd etdi.

Spiker oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruhning hududlardagi oʻrganishlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?